09:18 / 09.01.2018
26579

Tasvirga ko‘chgan bema'ni qiliq

Foto: customs.uz

Ma'lumki, yoshlar tarbiyasiga, kishilar xulqiga salbiy ta'sir ko‘rsatuvchi pornografik mazmundagi mahsulotlarni O‘zbekiston hududiga olib kirish amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq taqiqlangan. Shunga qaramasdan, ishlash yoki boshqa maqsadda xorijga chiqqan ayrim fuqarolar tomonidan pornografik mazmundagi videolavhalar va fotosuratlarni turli moslamalar orqali yurtimizga olib kirishga urinish holatlari uchramoqda. Yaqinda Qarshi xalqaro aeroportida ana shunday qonunbuzarlik holatlaridan biri aniqlandi. Bu haqda Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda.

“Moskva-Qarshi” yo‘nalishidagi 624-sonli aviareys bilan ushbu aeroportda parvozini yakunlagan Qarshi shahar 1-mittitumanda istiqomat qiluvchi endigina 18 yoshni qarshilagan fuqaro Olga Bogdasarova (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) yuklari bojxona nazoratidan o‘tkazildi. Shunda uning “Samsung” markali qo‘l telefoni xotirasida O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishi taqiqlangan 134 dona pornografik mazmundagi videolavha borligi aniqlandi.

Achinarlisi shundaki, mazkur telefon xotirasidan Olga o‘zining behayo xatti-harakatlarini yillar davomida tasvirga olib saqlab kelayotgan bir nechta videolavha ham joy olgan ekan. Qiziq, Olganing bu ishlari, yurish-turishidan ota-onasining xabari yo‘qmi? Nazorat qilmaganmi?

Yakunda tegishli sud idorasining qaroriga ko‘ra, yuqoridagi huquqbuzarlik holatlarini sodir etgan fuqaro Olga Bogdasarovaga nisbatan jarima jazosi belgilandi. Huquqbuzarlik ashyosi hisoblangan telefon apparati davlat egaligiga o‘tkazildi hamda uning xotirasidagi behayo lavhalar belgilangan tartibda yo‘q qilinishi ta'minlandi.

Darhaqiqat, bugungi kunda barcha ota-onalar o‘z farzandlarini qimmatbaho va barcha qulayliklarga ega telefonlar bilan ta'minlab kelmoqda. Bu bir tomondan yaxshi bo‘lishi mumkin, biroq yuqoridagi kabi salbiy ta'sirlari borligini ham unutmaslik lozim.

Ma'lumot o‘rnida aytish joiz, joriy yilning o‘tgan davrida Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan 81 ta holatda 8 ming 701 dona pornografik mazmundagi videolavha, karta va suratlarning bojxona chegaralari orqali mamlakatimizga olib kirilishining oldi olindi.

Shuni ishonch bilan aytish mumkinki, milliy an'analarga mutlaqo yot bo‘lgan g‘oyalarning jamiyatga kirib kelishiga qarshi qat'iy kurash olib boriladi. Yoshlar ma'naviyati, ularning yorqin kelajagini ta'minlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan ekan, yot va axloqsiz g‘oyalarni targ‘ib qilishga qarshi muntazam chora-tadbirlar amalga oshiriladi, jazo esa muqarrar.

Mavzuga oid
Top