21:50 / 10.01.2018
80043

Soliq pasaytirilgan, lekin mashinalar narxi pasaymaydi

GM Uzbekistan aksiz solig‘i tushirilganiga qaramay, mashinalari narxini pasaytirmasligini ma'lum qildi. Bu haqda kompaniyaning Facebook’dagi sahifasida e'lon qilingan xabarnomada aytilgan. Mashinalarning narx-navosiga oid ushbu xabarnomada aksiz soliq stavkasining o‘zgarishi bilan narxlar tushirilishi ko‘zda tutilmayotgani ta'kidlab o‘tildi.

O‘zbekistonda joriy yildan GM Uzbekistan AJ yengil avtomobillari uchun aksiz solig‘i 5,4 barobarga kamaytirilgan. Oldin aksiz solig‘i 27 foizga teng bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 5 foizni tashkil etadi. 

Shunga qaramay, korporatsiya bu holat avtomobillar narxida aks etmasligini ma'lum qilmoqda. Xabarnomada bu chora kursdagi tafovut sabab xarajatlarning oshib ketishi qoplashga xizmat qilishi ta'kidlangan.

«2017 yilning 5 sentabrida Vazirlar Mahkamasining «GM Uzbekistan AJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar narxlarini shakllantirishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 701-sonli qarori imzolandi. Unga ko‘ra yengil avtomobillarning ulgurji va chakana narxlari O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2017 yil 31 avgustdagi kursi bo‘yicha (4210,35 so‘m) qat'iy belgilab qo‘yildi. Valyuta kursining o‘zgarishi GM Uzbekistan avtomobillarining Vazirlar Mahkamasining 701-sonli qarori bilan tasdiqlangan ulgurji va chakana narxlar hisob-kitobiga salbiy ta'sir ko‘rsatmasligi uchun GM Uzbekistan yengil avtomobillari uchun belgilangan aksiz soliq stavkasi 5 foiz etib belgilandi. Bu esa kursdagi tafovut sabab xarajatlarning oshib ketishi qoplash va bu bilan avtomobillarning chakana narxlaridagi barqarorlikni ta'minlash imkonini berdi.

Shunday qilib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2017 yil 29 dekabrda «O‘zbekiston Respublikasining 2018 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjyeti parametrlari to‘g‘risida»gi qarori bilan tasdiqlangan «GM Uzbekistan» avtomobillarining aksiz solig‘ining pasaytirilgan stavkasi 2017 yilning 5 sentabridan amalda qo‘llanib kelinmoqda. O‘z-o‘zidan kelib chiqadiki, aksiz soliq stavkasining o‘zgarishi bilan narxlar tushirilishi ko‘zda tutilmayapti», — deyiladi xabarnomada.

GM Uzbekistan​ mashina narxlarini pasaytiradimi?

 

Top