15:30 / 10.01.2018
11988

Telegram messenjeri Visa va Mastercard raqibiga aylanishi mumkin

Foto: KUN.UZ

Telegram messenjeri o‘z kriptovalyutasiga ega Telegram Open Network (TON) blokcheyn-platformasini ishlab chiqmoqchi. Messenjerning white paper hujjatida shunday ma'lumot berilgan. Mazkur hujjat bugungi kunda sarmoyachilar mablag‘larini jalb qilishda mashhur jihoz hisoblangan ICO – kriptovalyutani dastlabki joylashtirish kelajagini ta'riflaydi. "Vedomosti" hujjat nusxasi bilan tanishib, Telegram menejyerlari bilan tanish suhbatdoshi orqali uning asliga to‘g‘ri ekaniga ishonch hosil qildi.

Hozirgi blokcheyn-tarmoqlar (masalan, bitkoin va efirium tarmoqlari) Visa yoki Mastercard to‘lov infratuzilmasi o‘rnini bosa olmaydi. Bu kriptovalyutali tranzaksiyalar haddan tashqari sekin rivojlanadi: bitkoinda - 7-soniyada, efiriumda - 15. Oddiy foydalanuvchilar bitkoin yoki shunga o‘xshash texnologiyalar bilan ishlashni boshlashga urinib, adashib ketishlari mumkin, kriptovalyutalar bilan hisoblashish mumkin bo‘lgan tovar va servislar bozori esa cheklangan. Shu bois kriptovalyutalarga asosiy talab iste'molchilardan emas,  sarmoyachilardan kelib tushadi, deya ma'lum qilinadi Telegram'da. 

Biroq Telegram o‘z blokcheyn-platformasini ishlab chiqqandan keyin hammasi o‘zgaradi, deya va'da bermoqda messenjer. Uni taqsimlangan superkompyuter va pul o‘tkazmalari tizimiga taqqoslash mumkin. Yangi, markazlashmagan iqtisodiyotda u  Visa va Mastercard bilan raqobatlashishi mumkin, deyiladi hujjatda. Telegram jamoasi o‘zining qulay interfeyslarni ishlab chiqishga doir tajribasiga umid qiladi va bu millionlab foydalanuvchilarga kriptovalyutalarni qo‘llash uchun intuitiv tushunarli jihozni yaratish imkonini beradi. Telegram ilovalari bilan integratsiyalashgan TON hamyoni esa dunyodagi eng keng tarqalgan kriptohamyonga aylanadi, deyiladi messenjer hujjatida. 

Keng auditoriya (hozirda 150 million kishini tashkil qiladi, 2022 yilning yanvariga borib 1 milliardga yetishi kutilmoqda) tufayli yangi kriptovalyutadan butun dunyo bo‘ylab yuzlab million kishilar foydalanishni boshlashadi.

Shuningdek kompaniya butun mavjud ekotizimni - kanallar, ishlab chiqaruvchilar, to‘lovlar provayderlari va savdogarlarni TON kriptovalyutasiga bo‘lgan talabni oshirishga rag‘batlantiradi. "Kriptovalyuta yordamida to‘lash mumkin bo‘lgan tovar va xizmatlar bilan to‘la butun boshli iqtisodiyot paydo bo‘ladi", - deya ishonch bildiradi Telegram. TON'ning ichida Gram nomli tangalar muomalada bo‘ladi. Ular Telegram ichki iqtisodiyotining asosiy valyutasi bo‘lib xizmat qiladi. Biroq, har qanday kriptovalyuta kabi, boshqa foydalanuvchilar ham undan foydalanish imkoniga ega bo‘lishadi. 

ICO'ning dastlabki bosqichida Telegram 500 million dollar jalb qilishni rejalashtirmoqda. Pullar tarmoqni rivojlantirish, uskunalarni xarid qilish va texnologiyalarni rivojlantirish uchun kerak. Zero auditoriya oshgani sayin xarajatlar ham oshib boradi - 2021 yilga borib 220 million dollargacha.

"Vedomosti"ning moliyaviy sohadagi suhbatdoshlari yangi platforma istiqbollarini baholashga turlicha yondashishdi. Chakana xizmat ko‘rsatish qismida moliyaviy tizim bilan raqobat haqida gapirish mumkin, deya ishonch bildiradi Corda-R3 bank blokcheyn-platformasining MDHdagi rivoji bilan shug‘ullanuvchi Aleksey Blagirev. Uning fikricha, agar Telegram o‘z hamyonini ishga tushirsa, chakana banklar bilan raqobat sezilarli bo‘ladi: foydalanuvchilar o‘z mablag‘larini o‘sha yerda saqlashlari mumkin bo‘ladi. 

Agar Telegram boshqa kompaniyalar uchun ham interfeyslar yaratsa, ular hamyon egalariga xizmatlar ko‘rsatishi mumkin va bu yerda chakana bankingdan tashqari ekvayring infratuzilmasi bilan raqobat yuzaga keladi. 

Telegram'ning yangi platformasi bank kartalari bilan raqobatlashishga harakat qilib ko‘rishi mumkin, biroq yetarli bo‘lmagan tranzaksiyalar hajmi tufayli baribir standart pul o‘tkazmalari tizimlariga jiddiy raqib bo‘la olmaydi, deydi Qiwi kriptotexnologiyalar guruhini rivojlantirish bo‘yicha direktor Aleksey Arxipov. Uning so‘zlariga ko‘ra, Telegram ichidagi o‘tkazmalar foydalanuvchilar uchun juda arzon bo‘lishi kerak. Shuningdek u Telegram auditoriyasining yangi platformaga qiziqish bildirishini ham shubha ostiga qo‘ymoqda.

Shubhasiz, bunday loyihalar banklarning tranzaktsion daromadlarini kamaytiradi, deya ishonch bildiradi Alfa-bankning qidiruv va innovatsiyalarni ishlab chiqish bo‘yicha direktori Denis Dodon.

Pavel Durov "Vedomosti"ning savollariga javob bermadi. Visa va Mastercard vakillari ham xuddi shunday.

Top