Sirdaryo viloyati Yangiyer shahri markazida joylashgan “Dehqon bozori” buzilishi munosabati bilan o'z do'konlaridan ajralib qolgan bir guruh tadbirkorlar KUN.UZ tahririyatiga murojaat qilishdi. Ularning aytishlaricha, shahar hokimligi davlat ehtiyoji uchun olib qo'yilgan yer uchastkalari va yetkazilgan moddiy zarar uchun tovon puli to'lamayotganlarini bildirishdi.

Tahririyat muxbiri vaziyatni xolis o'rganish maqsadida Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahriga yo'l oldi.

Avvalo, qayd etish kerak, respublika bo'ylab 2017-2019 yillar oralig'ida barcha yirik dehqon bozorlari hududida zamonaviy savdo majmualari qurish hamda bozorlarni rekonstruksiya qilish ishlari Prezidentning 2017 yil 27 martdagi PQ-2853-sonli qarori bilan amalga oshirilmoqda. Shu asosda viloyat va shahar hokimlarining tegishli qarorlari qabul qilingan.

Qarorda ta`kidlanishicha, dehqon bozorlarini ularning mamlakat iqtisodiyoti, aholi kundalik hayotidagi o'rni va ahamiyatini inobatga olib hamda xaridorlar uchun qulay sharoitlar yaratish, savdoni tashkil etish sohasida zamonaviy talablarga muvofiq savdo xizmati ko'rsatishning ilg'or tajribasi va yuksak madaniyatini keng targ'ib qilish va izchil joriy etish, mavjud dehqon bozorlarini sharqona va milliy me`morchilik an`analarini hisobga olgan holda zamonaviy savdo majmualari tarzida mukammal rekonstruksiya qilish maqsad qilingan. Aslida bu qaror ijrosidan barcha, xalq ham, tadbirkorlar ham birdek yutadi. Savol tug'iladi: Xo'sh, unda tadbirkorlar nimadan norozi?

Ularning ma`lum qilishlaricha, tadbirkorlar bozor yoki savdo rastalari buzilishiga qarshi emas. Masala buzilgan do'konlar uchun yetkazilgan kompensatsiya pulini to'lash mahalliy hokimlik tomonidan paysalga solinayotgani hamda buzish chog'ida zo'ravonliklarga, “salla deyilsa, kallani olish” tamoyiliga rioya qilinganida. Ularning so'zlariga ko'ra, buzish ishlari vaqtida ichki ishlar idoralari va prokuratura xodimlari do'q-po'pisa qilishgan, zo'rlik ishlatgan holda do'konlar buzilgan. Do'konlar buzilishidan avval, ogohlantirish xatlari berilmagan. Endilikda, bozorning ikkinchi yarmidagi binolarni ham buzish bo'yicha og'zaki buyruq bilan cheklanishmoqda. Bundan tashqari, tadbirkorlar bozor hududida barpo etilayotgan ikkinchi supermarket binosini tasdiqlangan loyiha bo'yicha qurishni o'zlariga topshirilishini so'rashmoqda.

Ularning so'zlariga ko'ra, tadbirkorlarning jiddiy tashvish chekishlariga ham asos bordek. Chunki ular do'konlari buzilishi munosabati bilan Moliya vazirligiga kelib o'zini Ubaydulla deb tanishtirgan mulozimga murojaat qilishgan, u yaqin 20 yil mobaynida tadbirkorlar yoki jismoniy shaxslarning buziladigan ko'chmas mulklari uchun davlat byudjyetidan mablag' ajratishga imkon yo'qligini aytgan.

Biz masalaga oydinlik kiritish maqsadida Yangiyer shahar hokimligiga bordik va hokimning qurilish ishlari bo'yicha o'rinbosari Dilshod Azimov bilan uchrashdik. U dehqon bozori va shahar avtoshohbekati buzilishi, hududlardagi qurilish va obodonlashtirish ishlari bo'yicha ma`lumotlar taqdim etdi.

Azimovning so'zlariga ko'ra, ayni vaqtda Yangiyer shahridagi Dehqon bozori hududida jami 31 ta do'kon va usti yopiq savdo rastasi buzilgan. Ammo tadbirkorlar buzilgan do'konlar soni 52 ta ekanini ta`kidlashdi. Hokim o'rinbosarining aytishicha, prezident qarori bilan bosh pudratchi “ NBU–Bunyodkor” MChJ bo'lib, bozordagi qurilish ishlarini “Ulug'bek Yangiyer Qurilish” MChJ olib bormoqda. Qurilish ishlari tugallanib, supermarket foydalanishga topshirilganidan so'ng, prezident qarorida belgilanganidek, tadbirkorlarga sotiladi.

Dilshod Azimovga ko'ra, bozorni buzish chog'ida olingan barcha qurilish materiallari ro'yxatga olingan va omborxonada saqlanmoqda.

Biroq qurilish materiallari saqlanayotgan omborxonani borib ko'rganimizda buzilgan bozor hududidan chiqqan materiallarning barchasi shu yerda saqlanayotganiga shubha paydo bo'ldi. Bizga taqdim etilgan dalolatnoma 2017 yil 12 iyulda tuzilgan bo'lib, unda “Dehqon bozori” hududidagi “yangi meva paviloni va hamda “don mahsulotlari paviloni”ni buzish jarayonida chiqqan yaroqsiz deya tavsiflangan qurilish materiallari ro'yxati aks etgan.

2017 yil dekabr oyining oxirlarida buzilgan “sabzavot mahsulotlari paviloni”dan chiqqan qurilish materiallari unda aks etmagan. Umuman, dalolatnomaga kiritilgan qurilish materiallari soni bozor hududiga nisbatan olganda ancha kam deyishga asos bor. Suratlarda ham eni 20 metr, uzunligi 120 metrlar bo'lgan sabzavot pavilonining tom qismiga qancha temir shveller va temirdan yasalgan boshqa materiallar ishlatilganini tasavvur qilish qiyin emas.

Qolaversa, sabzavot pavilonidan avval iyul oyida buzilgan 2 pavilon ham kattaligi jihatidan uchinchisidan qolishmaydi. Ushbu uchta pavilondan olingan materiallar uncha katta bo'lmagan omborxonaga joy bo'lmasligi aniq. Bu bilan bog'liq ishlarni Sirdaryo viloyati mutasaddi idoralari, hisobot va xo'jako'rsinga emas, jiddiy ravishda tekshirishlarini ham uning natijasini OAVda e`lon qilishlarini kutib qolamiz.

Hokim o'rinbosari Azimov, bozor hududidagi do'konlari buzilgan tadbirkorlarga tovon pullari hokim qarori bilan shu yilning birinchi yarim yilligiga qadar batamom uzilishini bildirdi.

Demak, kompensatsiya to'lovi yaqin oylarda to'liq amalga oshirilganiga doir mavzuni biz yana yoritamiz. Umid qilamizki, bu masala bozor hududida jismoniy shaxslar va tadbirkorlarga tegishli binolar uchun tovon pullari to'liq to'lanishi bilan yakun topadi.

Tolib Rahmatov
Ma`rufjon Asqarov