11:10 / 11.01.2018
21994

Aldov qurboni 

Nilufar internetdagi o‘zining shaxsiy sahifasiga kirib, yangi xabarlarni o‘qiy boshladi. Uning diqqatini Aziz (aslida Sherali) degan yigitdan kelgan xabar tortdi. Xabarda iliq fikrlar aytilgan edi. Shu asno Aziz ham internetga kirdi-yu, salom yo‘lladi. Ular tanishib oldi, qizga yigitning gaplari ma'qul keldi. Yigit ham o‘z navbatida qizning “o‘zgachalardan o‘zgacha” ekanligini e'tirof etdi, deb yozmoqda “Huquq” gazetasi.

Xullas, virtual olamdagi tanishuv kunora bo‘ladigan shirin suhbatlarga aylandi. Suratlar almashindi. Bir-biriga manzur bo‘lgan yoshlar uchrashib, kelishib olishdi. Oradan bir oy o‘tib, ular shahardagi nomdor kafelarning birida uchrashishdi, suhbatlashishdi. Aziz nufuzli idorada ishlashini (garchand hech joyda ishlamasa ham), uylanmaganligini (ikki marta uylangan edi), o‘ta mas'uliyatli ishi tufayli keyinroq oila masalasi bilan shug‘ullanmoqchiligini aytib, rosa qizni avradi. Soddadil qiz unga chippa-chin ishondi.

- Men sizni ko‘rib, uylanishga qaror qildim. Endi uylanmasam bo‘lmaydi, sizsiz yasholmayman, - dedi tilida, aslida dilida boshqa niyat pinhon edi.

Ular yana bir necha marta restoran va kafelarda uchrashishdi. Har safar yigit qizni sevishini, unga uylanish uchun barchasiga tayyorligini aytardi. Azizning harakatlari samara berib, qizning ishonchiga kirdi. Qizning nozik qalbi unga bog‘lanib qoldi. Yigit tomon beixtiyor talpinadigan bo‘lib qoldi.

- Yangi uy sotib olayotgan edim, shunga 23 ming dollar yetmay qoldi. Ikkimiz uchun, baxtimiz uchun shunday qilmasam bo‘lmaydi, - dedi Nilufarga tushuntirib. Qiz uning barcha gaplariga ishondi. Yig‘ib yurgan pullari borligini yashirmadi.

- Menda ham pul bor, siz aytgandek ko‘p bo‘lmasa ham, anchagina bor, qolganini qarz olib, to‘plab beraman, axir uy ikkimiz uchun-ku, to‘g‘rimi, Aziz aka?

Firib to‘rini tobora yoyib, qizning xayollarini iskanjaga olayotgan yigit bor mahoratini ishga soldi. Xullas, ishontirdi.

Uning gapiga kirgan Nilufar xolasidan 4500 AQSh dollari olib, roppa-rosa 23 ming AQSh dollarini yigitga tutqazib yubordi. Aziz ham o‘z navbatida:

- Bir oylar ichida qaytaraman, - deb va'da berdi.

Nilufarning qulog‘iga sekin shivirlab: “Seni esa eng baxtli ayolga aylantiraman”, dedi. Kelajakdagi to‘kis baxtning kelishidan qiz yuragi entikib ketdi.

Ular kunora uchrashishar, Aziz qizni uyigacha kuzatib kelardi. Nilufar bir kuni ichidagini tashiga chiqardi:

- Aziz aka, bunday yurishimiz yaxshimas, mahallamizdagilar gap-so‘z qilishadi, ortiqcha mish-mishga hushim yo‘q. Iltimos, sovchingizni tezroq yuborsangiz, har qalay “unashtirilgan-ku”, deb bizni tinch qo‘yishadi.

Pixini yorgan yigit esa otasi yo‘qligini, onasi shifoxonada yotganligini, sovchilikni boshqa birovga ishonmasligini aytdi. Qiz ishondi, sabr qilishini aytdi.

- Lekin dadam mening siz bilan uchrashishimdan norozi, nima qilay, ayting?

- Mayli, dadang bilan uchrashtir, o‘zim tushuntiraman.

Aziz Nilufarning otasini ham ishontirdi. Hatto uning oldida qizga tilla uzuk ham hadya qilarkan, Nilufarning barcha hardam xayollarini yo‘qqa chiqardi. Yigitning maqsadida jiddiyligiga u yana bir bor ishondi.

Bir necha kundan keyin ular Azizning uyiga kelishdi. Aziz yana yolg‘on va'dalarni qalashtirib tashladi: “Nima emish, uyni hozir sotsa, arzon ketarmish, zarar qilarmish. Nilufar pulini qistovga olmasa, keyinroq yaxshiroq narxga sotsa bo‘larkan”. Qiz ham uning so‘zlarini ma'qullab, “Keyinroq bersangiz ham bo‘ladi”, deb yubordi.

Shu kun ular kvartira uchun televizor, antena, “DVD” pleyer va “Ariston” suv isitish moslamasi sotib olishdi. Ularni Azizning uyiga keltirib o‘rnatishdi.

Kechga yaqin Aziz qizga “SMS-xabar” yubordi: “Ayamning dorisi uchun 1800 dollar kerak, zudlik bilan topmasa bo‘lmaydi, imkoning bo‘lsa, yordam ber!”.

Butun olam soddalik va to‘g‘rilikdan iborat deb bilgan qiz dadasidan aytilgan pulni oldi. Kelib pulni olayotgan yigit yana o‘zini “artistlik”ka soldi. Hatto yig‘lab ham oldi:

- Sizlarning borliklaringizga shukur, ming rahmat, - dedi o‘zini bechora ko‘rsatib.

Kunlar o‘taverdi. Bir kuni Nilufar Azizning pasportini ko‘rib qoldi.

- Iye, ismingiz Sherali ekan-ku, - dedi qiz ajablanganini yashirmay.

- “Yuqori”da ishlaydiganlarning ikkitadan pasporti bo‘ladi, - dedi Aziz bo‘sh kelmasdan. Ajabki, qiz yana unga ishondi.

Oradan bir necha kun o‘tib, Nilufarga qo‘ng‘iroq qildi:

- Onamni shifoxonadan chiqarmoqchi edim, agar o‘zingda bo‘lmasa, birovdan olib bo‘lsa ham yuborgin, men uzoqroqda edim.

Qiz yana uning aytganini qildi. So‘nggi bor Aziz undan 1000 AQSh dollarini birov orqali olib, g‘oyib bo‘ldi.

Ana shunday Nilufarning ko‘zi ochildi. Aldanganini anglab yetdi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qildi.

Sud Sherali Fozilovni aybdor deb topdi. Uni 5 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum etdi. Shuningdek, undan Nilufar Ergashevaga yetkazilgan zarar undiriladigan bo‘ldi. 

Mavzuga oid
Top