19:12 / 11.01.2018
10257

Bolalarning ta'lim olishiga takror to‘sqinlik qilganlik uchun – 15 sutkagacha qamoq

Foto: Fotolia

Bunday o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar 9.01.2018 yildagi O‘RQ-459-son Qonun bilan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasiga kiritildi, deb yozmoqda Norma.uz.

Eslatib o‘tamiz, MJtKning 47-moddasida 2 ta ma'muriy huquqbuzarlik ko‘zda tutilgan:

•  ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta'lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik (shu jumladan voyaga yetmagan bolalarning ma'muriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi) – ya'ni Oila kodeksining (OK) 73-moddasida ko‘zda tutilgan majburiyatlarni pisand qilmaslik;
•  bolalarning majburiy umumiy o‘rta ta'lim, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi olishiga ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan to‘sqinlik qilish – ya'ni OKning 73-moddasini buzishda faol harakatlarni bajarish.

Bunday qilmishlarni takror sodir etganlik uchun oshirilgan jarimalar va hatto 15 sutkagacha muddatga ma'muriy qamoq joriy etildi. 

Mazkur huquqbuzarliklarni birinchi sodir etganda ish Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyalar tomonidan ko‘rib chiqilishi mumkin. Takror sodir etilganda esa – faqat ma'muriy ishlar bo‘yicha sudyalar tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Qonun “Xalq so‘zi” gazetasida 10.01.2018 yilda e'lon qilindi, o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar shu sanadan kuchga kiradi.

Top