19:10 / 11.01.2018
23459

Davlat va jamiyat qurilishi tizimidagi ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilindi

Foto: KUN.UZ

11 yanvar kuni "Taraqqiyot strategiyasi" markazida 2018 yil Davlat dasturi loyihasi jamoatchilik muhokamasiga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi. Unda Dasturning Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlarida belgilangan chora-tadbirlar muhokama qilindi. 

KUN.UZ muxbirining mutaxassislar taqdim etgan ma'lumotlarga asoslanib xabar berishicha, 2017 yilgi Davlat dasturi muhokamalari bo‘yicha jamoatchilikdan 1310 ta taklif va mulohazalar kelib tushgan bo‘lsa, 2018 yilda esa ularning soni ikki kun ichida 1223 tani qayd etishga ulgurgan, bularning 50 foizga yaqini aynan Davlat dasturining birinchi yo‘nalishi - Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishga tegishli. 

Mazkur tizimni takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari 2018 yilda amalga oshirilishi nazarda tutilgan 44 banddan iborat. Bularning orasida aholiga onlayn maslahat berish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatga ega bo‘lgan O‘zbekiston Prezidentining yangilangan virtual qabulxonasini joriy etish, fuqarolarning xorijga chiqish tartibini soddalashtirish, fuqarolarni doimiy va vaqtincha ro‘yxatga qo‘yish tizimini soddalashtirish, aholini qayta ro‘yxatga olish konsepsiyasini tayyorlash, davlat xizmatchilarining mehnatiga haq to‘lash va ijtimoiy ta'minoti tizimini takomillashtirish, davlat xizmatlarini innovatsion texnologiyalar yordamida ko‘rsatish kabilarni alohida qayd etish mumkin. 

Ta'kidlash joizki, 2018 yil Davlat dasturi loyihasi 3 xil formatda jamoatchilikka yetkazish rejalashtirilgan: 
1. Davlat dasturi loyihasi 2018.strategy.uz hamda www.regulation.gov.uz portaliga joylashtirilgan; fuqarolar shu saytlar orqali o‘z taklif va mulohazalarini yozib qoldirishlari mumkin;
2. Har bir yo‘nalish bo‘yicha vazirlik va idoralarning mas'ul xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida brifinglar o‘tkazish va ular orqali ma'lumotlarni keng jamoatchilikka taqdim etish;
3. Jamoatchilik muhokamalari tashkil qilinmoqda. Har bir yo‘nalish bo‘yicha media-xollarda savol-javoblardan iborat muhokamalar tashkil etish.

Top