To'lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan talabalarni O'zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan qo'llab-quvvatlash tartibi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligining ijtimoiy tarmoqdagi «Huquqiy axborot» kanalida xabar berilgan.

Qayd etilishicha, Adliya vazirligida to'lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan talabalarni O'zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan qo'llab-quvvatlash tartibi davlat ro'yxatidan o'tkazildi. 

Hujjatga ko'ra, to'lov-kontrakt summasining 35 foizi O'zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan bakalavriat yoki magistratura bosqichida tahsil olayotgan talabalarga to'lab beriladi.

Buning uchun to'lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan talaba:

O'zbekiston yoshlar ittifoqining faol a`zosi bo'lishi;
o'rtacha o'zlashtirish ko'rsatkichi 86 foiz va undan yuqori bo'lishi;
shartnomada belgilangan to'lov miqdorining 65 foizini belgilangan muddatlarda to'lashi lozim.

Har yili 10 fevraldan 15 fevralga qadar oliy ta`lim muassasasining Yoshlar Kengashi da`vogar talabalarning arizalarini ko'rib chiqadi hamda moddiy qo'llab-quvvatlash uchun tavsiya etish bo'yicha qaror qabul qiladi.

Yoshlar Kengashi da`vogar talabalarni tavsiya etishda quyidagilarni inobatga oladi:

Yoshlar ittifoqining boshlang'ich tashkiloti faoliyatidagi ishtiroki;
olimpiadalar va sport musobaqalaridagi natijalari;
tashkilotchilik va yetakchilik qobiliyatlari;
ilmiy va ijodiy faoliyati natijalari.

Qo'shimcha to'lov-kontrakt asosida bakalavriat bosqichiga o'qishga qabul qilingan talabalarga moddiy yordam ikkinchi bosqichdan boshlab ko'rsatiladi.

Hujjatning to'liq matni bilan www.lex.uz saytida tanishish mumkin.