O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripovning Dushanbega tashrifi davomida O'zbekiston va Tojikiston davlat chegaralari bilan bog'liq ko'plab masalalar bo'yicha kelishib oldi. Xususan, viza masalasida hamda Farhod GES masalasida kelishuvga erishilgan. «AP» muxbiri Tojikiston hukumatidagi manbaga asoslanib xabar berishicha, yaqin vaqt ichida ikki respublika o'rtasida «Fuqarolarning o'zaro tashriflari to'g'risida»gi yangi hujjatni imzolaydi. Unga asosan ikki mamlakat fuqarolari O'zbekiston va Tojikiston hududida vizasiz bir oyga qadar yurishlari mumkin bo'ladi.

Manbaning so'zlariga ko'ra, tomonlar yaqin vaqtlar ichida yo'lovchi poyezdlar va avtobuslar qatnovini yo'lga qo'yishni, shuningdek, o'zaro chegara hududida yangi nazorat-o'tkazuv punktlari ochishni rejalashtirgan.

Tomonlar Farhod GES masalasida ham kelishuvga erishgan. Ushbu inshoot joylashgan hudud Tojikiston hududi deb tan olinadi, ob`yekt esa O'zbekiston mulki hisoblanadi. Ob`yektni tojik tomoni qo'riqlaydi, unga texnik xizmatlar O'zbekiston tomonidan ko'rsatiladi.

Farhod GES — Sirdaryo viloyatida Tojikistonning Xo'jand shahri yaqinida joylashgan gidroelektrostansiya bo'lib, u elektr energiyasi ishlab chiqarish bilan birga qator sug'orish kanallarini suv bilan ta`minlaydi.

«10 yanvar kuni Dushanbeda o'tkazilgan O'zbekiston va Tojikiston o'rtasida Savdo-iqtisodiy hamkorlik hamda Davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo'yicha Hukumatlararo komissiyalarining majlislari samarali va istiqbolli kechdi», - deya qayd etgan manba.

Uning so'zlariga ko'ra, majlisda ikki davlat munosabatlarini rivojlantirish yo'nalishlari ko'rib chiqilgan.

«Dushanbedagi majlis yakunlariga ko'ra, ikki davlatning tegishli vazirliklariga O'zbekiston va Tojikiston o'rtasida transport, kommunikatsiyalar, savdo, iqtisodiyot va chegaralar bo'yicha hamkorlik bo'yicha kelishuvlar loyihalarini tayyorlash bo'yicha ko'rsatmalar berilgan», - deya qayd etgan manba.

Barcha kelishuvlar O'zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shu yil bahorida Dushanbega qiladigan davlat tashrifi chog'ida imzolanishi kutilmoqda.

O'zbekiston va Tojikiston o'rtasidagi munosabatlar sovuqlashganiga 25 yil bo'lmoqda. Dushanbe tomoni tez-tez qo'shni davlatni temir yo'l va avtoyo'llarni yopib qo'yishda ayblagan. O'z navbatida, rasmiy Toshkent Tojikistonda Rog'un GES qurilishiga qarshilik qilgan. O'zbekiston hukumati ushbu suv inshooti qurilishi mintaqadagi agrar xo'jalikka tahdid deb hisoblab kelgan. 2001 yilda avval O'zbekiston, ko'p o'tmay Tojikiston viza rejimi joriy etgandi.

O'zbekistonning yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashqi siyosatda qo'shnilar bilan munosabatlarni yaxshilashni ustivor vazifa sifatida qo'ydi va chegaralardagi vaziyat yaxshilana boshlandi.