2018 yil 1 yanvaridan jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasiga o'zgartishlar kiritildi. Bu ham soliq stavkasi, ham soliqni belgilash ob`yektlarida amalga oshirildi. Ya`ni, 1 yanvardan e`tiboran uy-joy mulkdorlari mol-mulk solig'ini to'lashda yangilangan stavkada va uyning o'zgartirilgan kadastr narxidan kelib chiqqan holda soliq to'laydi. 

Bunda hisoblash qaytarzda amalga oshiriladi, kim, qaysi mezonlar asosida baholaydi? Xususan, Toshkent shahri misolida 1 mlrd so'mlik va undan qimmat uylar egalari qancha soliq, undan ancha arzon xonadonlar mulkdorlari qancha soliq to'laydi? 

Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasi

Xalqaro Press-klubning 11 yanvarda tashkil etilgan sessiyasida shu kabi savollarga oydinlik kiritildi. 

Davlat soliq qo'mitasi raisi o'rinbosari Nazarali Norboyev

“Ilgari ham uylarning kadastr narxidan kelib chiqqan holda mol-mulk solig'i to'lab kelganmiz. Yangi kiritilgan me`yordan kelib chiqib, uy-joylar bozor narxiga yaqinlashtirilgan kadastr narxida hisoblab to'lanadi. Bundan keyin uy-joyi qimmat mulk egalari ko'proq soliq to'laydi”, - dedi Davlat soliq qo'mitasi raisi o'rinbosari Nazarali Norboyev.

Bu masalaga Iqtisodiyot vazirining birinchi o'rinbosari Mubin Mirzayev ham aniqlik kiritdi.

Iqtisodiyot vaziri birinchi o'rinbosari Mubin Mirzayev

“Yangi tizimga o'tilganidan keyin uylar qanday baholanadi o'zi? Vazirlar Mahkamasi tomonidan tartib ishlar chiqildi. Unga muvofiq, uylar turlarga bo'lindi: pishiq g'ishtdan, xom g'ishtdan, betondan qurilgan yoki paxsa uylarga. Bu uylarning 1 metr kvadratiga qilingan xarajati hisob-kitob qilindi. Masalan, pishiq g'isht uyning 1 metr kvadratiga 2,5 mln sarflandi. Bu qiymat uyning umumiy maydoniga ko'paytiriladi. 

Misol uchun 100 metr kvadratlik uy 2,5 mln so'mga ko'paytirilib, kadastr narxi belgilanadi. Bu 250 mln so'mni tashkil etadi. Ushbu uy yoki xonadon egasi 0,2 foiz miqdorida, ya`ni 500 ming so'm mol-mulk solig'i to'laydi. Mana shu tartib Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan. Yergeodezkadastr ayni mezon bilan uylarni qayta baholaydi va ma`lumotlarni soliq qo'mitasiga taqdim etadi. Qo'mita ushbu mablag'larni undirish choralarini ko'radi”, - dedi Iqtisodiyot vazirining birinchi o'rinbosari.