15:24 / 12.01.2018
12713

YaIMda xizmatlar sohasi ulushi necha foizni tashkil etgani aytildi

Foto: KUN.UZ

2017 yil yanvar-dekabr oylarida O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotida (YaIM) xizmatlar ulushi 47,3%ni tashkil etdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi xabar bermoqda.

2017 yil yanvar-dekabr oylarida xizmatlar ishlab chiqarish hajmi 116,8 trln so‘mni tashkil etdi va 8,9%ga ortdi.

Hajmning oshishi bir qator omillar ta'siri bilan izohlanadi, jumladan: bozorda yangi turdagi xizmatlarning paydo bo‘lishi, kredit kartalari orqali to‘lovlar, Internet-savdo, yangi savdo-sotiq markazlari, ovqatlanish korxonalari, mehmonxonalar ochish, ta'lim xizmatlarini kengaytirish, dam olish sanoati.

Yuqori o‘sish sur'atlari Toshkent shahrida (+14,6%), Navoiy (+7,0%), Sirdaryo (+6,0%), Andijon (+5,6%), Xorazm (+5,3%), Jizzax (+5,2%), Namangan (+5,0%) viloyatlarida, Qoraqalpog‘iston Respublikasida (+6,0%) kuzatilmoqda.

Turar-joy va oziq-ovqat uchun xizmat ko‘rsatish sohasida oziq-ovqat hamda ichimliklarni yetkazib berish bo‘yicha xizmatlar ustunlik qilmoqda (84,6%). Turar-joy xizmatlari 15,4%ni tashkil etdi.

Aloqa va axborotlashtirish xizmatlari hajmida telekommunikatsiya xizmatlari (kabel va mobil aloqa xizmatlari, Internet, sun'iy yo‘ldosh aloqasi xizmatlari hamda boshqalar) eng katta ulushga ega.

Transport xizmatlarining asosiy qismi yuk va yo‘lovchilar tashish bo‘yicha xizmatlarga to‘g‘ri keladi. Bu transportning tezkorligi va havo hamda temir yo‘llar bilan solishtirganda xizmatlar narxining nisbatan arzonligi bilan bog‘liq.

Top