2018 yil 20 yanvar kuni AQSh prezidenti Donald Jon Tramp Oq uyni egallab turganiga bir yil to'ladi. Amaldagi 45-prezident saylovoldi kampaniyasida «Amerikani yana buyuk davlatga aylantiramiz» shiori bilan xalqni o'ziga ishontirgan. Xo'sh, bir yil ichida janob Tramp nimalarga ulgurdi?

Ijtimoiy tarmoqda faol golf o'yinchisi

Aynan shunday: u bir o'tgan bir yilda 2,000dan ortiq turli mavzularda, ba`zan umume`tirof etilgan insoniy haqlarni kamsituvchi tvitlar (Twitter ijtimoiy tarmog'ida) qoldirgan. Uning tvitlari orasi amaliy diplomatiya va xalqaro munosabatlarga raxna soluvchi ayrim qo'pol so'zlar ham uchrab turadi.

Shuningdek, keksa milliarder 88 marta golf o'ynagani vaqt topdi. Xorijdagi va mahalliy uchrashuvlarda uzoq hamda qattiq qo'l siqishi bilan nom qozondi. Bundan tashqari, yangi so'z (covfefe) va davlat (Nambia) nomini o'ylab topishga ham muvaffaq bo'ldi.

Tergovdan holi bo'lmagan prezident ma`muriyati

Prezident ma`muriyati Donald Tramp boshqaruvining birinchi yilida tarixdagi eng g'alati tergov «nishoni» bo'lishga majbur bo'ldi. Gap shundaki, o'tkazilgan prezidentlik saylovlaridan so'ng, tarqatilgan rossiyalik kiberxakerlarning aralashuvi bor ekanligi haqidagi xabar ko'pchilik amerikaliklarni vijdon oldida tinch qo'ymadi. Buning ketidan, Federal qidiruv byurosi rahbari, Prezident maslahatchilari ishdan bo'shatildi yoxud «o'z xohishiga ko'ra»​ iste`foga chiqdi.

Donald Tramp irqiy ziddiyatlarga sabab bo'luvchi mamlakat ichidagi voqealarga e`tiborsizlik bilan, balki pinhona xayrixohlik bilan qaradi. Oqibatda, Ku-Kluks-Klan a`zolari oshkora zo'ravonlikni «milliy manfaat»​, deb bildi.

2017 yil Tramp va Kim o'rtasidagi «so'zlar urushi»​ davriga aylandi, deyilsa mubolag'a bo'lmaydi.

Amerika yanada qudratli davlatga aylandimi?

AQSh prezidenti sifatida Donald Tramp qat`iyat bilan bir nechta qarorlarni imzoladi. Xususan, Trans-Atlantik hamkorlik shartnomasi, mamlakatning Meksika bilan chegaradosh hududida devor qurish va Parij iqlim o'zgarishi kelishuvidan chiqish shular jumlasidandir. Sobiq prezident Barak Obama bilan solishtirganda u bir yil ichida 17ta ko'p, ya`ni 58ta qarorni imzoladi.

Shunga qaramay, u ko'plab saylovoldi kampaniyasidagi va`dalarini bajarishni uddalay olmadi. Al-Quds shahrini Isroil poytaxti, deb tan olishi va soliq islohotlaridan tashqari, u 16 banddan iborat o'zgarishlarni bajarishga ahd qilgandi.

Tramp boshqaruvida AQSh iqtisodiyotining YaIM 3,2 foizlik o'sish ko'rsatkichini namoyon qildi. Prezident o'tgan 10 yil ichidagi eng quyi ishsizlik darajasiga erishdi. U shunchaki, mos paytda, to'g'ri maqomda paydo bo'ldimi yoki haqiqatan iqtisodiy o'zgarishlarga sababchimi, buni ikkinchi yildagi boshqaruv isbotlaydi.

Quvonarlisi shundaki, u hech qanday urushni boshlagani yoxud xorijdagi harbiy amaliyotlarga qiziqmadi. Eron yadro dasturini tanqid qilishini aytmaganda, barchasi risoladagidek ko'rinadi.

Bir yildan so'ng, xalq tomonidan AQSh prezidentiga berilgan o'tmishdagi har qanday prezident erishgan natijadan ham yomon: omma ishonchi bor-yo'g'i 37 foizni tashkil etgan.