O'zbekistonning muayyan shahar va aholi istiqomat qilish maskanlarida vaqtincha ro'yxatga qo'ymasdan yash​ash imkoniyati joriy etilishi lozim. Shuningdek, doimiy yashash joyidagi propiskasidan qat`iy nazar har bir O'zbekiston Respublikasi fuqarosi turli shahar va tumanlarda ham bank xizmatidan foydalanish, kredit olish huquqiga ega bo'lishi kerak. 2018 yilgi Davlat dasturi bandlarida jamoatchilik ana shunday takliflarni izoh sifatida qoldirmoqda. 

Ma`lumingizki, 15 yanvarga qadar «Faol tadbirkorlik, innovatsion g'oyalar va texnologiyalarni qo'llab-quvvatlash yili» Davlat dasturi loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilgandi. 

237ta banddan birida ko'rsatilgan ​fuqarolarni doimiy va vaqtincha ro'yxatga qo'yish (propiska) tartibini soddalashtirish borasidagi tadbir loyihasiga nisbatan xalqni faol munosabat bildirishi ushbu masalada ancha og'riqli muammolar to'planib qolganini bildiradi.

Sanjar Rustamov nomi bilan ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchining yozishicha, doimiy va vaqtincha ro'yxatga qo'yilgan fuqarolarning elektron ma`lumotlar bazasini shakllantirish zaruriyati paydo bo'lgan.

«Fuqaro biror shaharga vaqtincha yashashga borib, vaqtincha yashash manzili bo'yicha ro'yxatga qo'yilsa, elektron bazaga kiritilgan ma`lumotga ko'ra, uning barcha huquq va majburiyatlari, jumladan saylash, ta`lim olish va boshqa huquqlari, soliq va boshqa majburiy to'lovlarni to'lash majburiyatlari avtomat ravishda vaqtincha yashash joyi bo'yicha amalga oshirilishini ta`minlash​ kerak»​, deb izoh qoldirgan u.

Aynan shu bilan demokratik qadriyatlarni asragan holda, har bir fuqaroning konstitutsiyaviy huquqlari to'liq kafolatlanadi.

Munosabat bildirgan foydalanuvchilarning ko'pchiligi Toshkent shahrida doimiy ro'yxatdan o'tishda yaratilgan sun`iy to'siqlarni olib tashlab, erkin raqobat muhiti va kuchli fuqarolik jamiyatini qurish zarurligini bildirgan.

«​Toshkent shahrida ishchilarini doimiy ro'yxatdan o'tkazuvchi tashkilotlar qatoriga kiritilmagan idora va muassasalarning safini kengaytirish lozim. Negaki, ayrim kuchli va malakali mutaxassislar hanuzgacha propiskasiz yashab kelmoqda»​, deb fikr bildirgan Sherzod Rajabov ismli foydalanuvchi.

Ayrim foydalanuvchilar Toshkent shahrida doimiy ro'yxatdan o'tish tartibi soddalashtirilsa, «​ichki migratsiya sharoiti kuchayib ketishi, poytaxtda jinoyatchilik soni oshishi, ishsizlik va bozor narxlarining keskin ko'tarilishidan»​ xavotirdaligini bildirgan.

«​Modomiki, maqsad poytaxtda jinoyatchilikka kurashish yo jamoat xavfsizligini ta`minlash ekan, u holda doimiy ro'yxatdan o'tish tartibiga ta`sir qilmagan sharoitda ham ko'plab yechimlarni ishlab chiqish mumkin. Toshkent shahrida doimiy ro'yxatdan o'tishda yaratilgan to'siqlar faqat mamlakat iqtisodiyoti va vazirlik, tashkilotlarda kadrlar tizimini ich-etidan yemirib bormoqda, xolos»​, deb fikrini yozgan Azamat Jabborov ismli foydalanuvchi.