Prezident raisligida 15 noyabr kuni mamlakatda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish masalalariga bag'ishlab, o'tkazilgan yig'ilishda yoshlar tomonidan sodir etiladigan huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish, shuningdek, yoshlarga sud tomonidan jazo tayinlashda O'zbekiston yoshlar ittifoqining kafolat xatiga asosan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog'liq bo'lmagan jazo turini tayinlash mexanizmini joriy etish bo'yicha taklif bildirilgan edi. Ushbu vazifalar ijrosini ta`minlash maqsadida O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi va O'zbekiston yoshlar ittifoqi o'rtasida yoshlar masalalari sohasida o'zaro hamkorlik memorandum imzolangan edi.

Yoshlar ittifoqi respublika press-klubi yetakchisi Shodlik G'aybullayevning xabar berishicha, ushbu hamkorlik natijasida Navoiy viloyat Kengashi raisi o'z Nizomiga asosan faoliyat yurituvchi O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 246-moddasi 1-qismi bilan ayblangan E.B.ga oid jinoyat ishi bo'yicha jamoat himoyachisi sifatida ishtirok etdi.

Foto: Yoshlar ittifoqi

E.B. Navoiy shahrida ota-onasi bilan birga yashaydi. Uning oilasi namunali oilalardan hisoblanib, bunday nojo'ya harakatlarni avvallari sodir etmagan. 

Yoshlar ittifoqining Navoiy viloyati va Navoiy shahar Kengashi tomonidan uning harakatlari o'rganib tahlil qilib chiqildi. Tahlil natijasiga ko'ra, E.B.ning ota-onasi ishtirokida muhokama qilinib, uni Yoshlar kafilligiga olishga qaror qilindi.

O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi va O'zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi o'rtasida 2017 yil 5 dekabrda imzolangan yoshlar masalalari sohasida o'zaro hamkorlik memorandumining 2, 3, 4-moddalaridan kelib chiqib, E.B. ning qilmishini bilmagan holda sodir etganligini, muqaddam sudlanmaganligini, qilmishidan chin ko'ngildan pushaymonligini, sodir etgan qilmishining jinoyat ekanligini tushunib yetmaganligini inobatga olib, unga nisbatan qo'llanilgan 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog'liq jazosi bekor etilib, sudlanuvchi O'zbekiston yoshlar ittifoqi kafilligi ostida sud zalida ozod etildi.

Tahririyatdan: E.B.ning onasi tahririyatimizga jinoyat ishi haqida qisqacha bildirishicha, o'g'lining aybi — o'zi bilmagan, tushunmagan (arab) tilidagi va hatto eshitib ham ko'rmagan rep usulida kuylangan bir qo'shiqning qo'l telefoniga elektron shaklda tushib qolganligi. «Aybi isbot qilinmaganligi uchun o'g'lim sud zalidan ozod qilindi. Buning uchun fidoyi Yurtboshimizga va uning mamlakatimizda olib borayotgan odilona siyosati uchun ming rahmat», deb yozadi ona.