16:30 / 12.01.2018
12007

O‘zbekistonda xorijiy kapitalga ega 5517 korxona ishlamoqda

Foto: Kun.uz

2018 yil 1 yanvar holatiga respublikada xorijiy kapital ishtirokida faoliyat ko‘rsatayotgan jami 5517 ta korxona mavjud bo‘lib, ulardan 3087 tasi qo‘shma korxona, 2430 tasi esa xorijiy korxona hisoblanadi. 

Xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalarning asosiy qismi Toshkent shahar 3624 ta (65,7 foizi), Toshkent viloyati 583 ta (10,6 foiz) va Samarqand viloyati 280 ta (5,1 foiz) hissasiga to‘g‘ri keladi. Eng kam xorijiy kapital ishtirokida tashkil etilgan korxonalar Xorazm viloyati 51 ta (0,9 foiz), Qashqadaryo viloyati 54 ta (1,0 foiz), Surxondaryo viloyati 57 ta (1,0 foiz) va Navoiy viloyati 60 ta (1,1 foiz) hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu esa mazkur hududlarda xorijiy hamkorlar bilan ishlashni, investitsiyalar jalb etish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarni yanada rivojlantirishni talab etadi.

2017 yil yanvar-dekabr oylari yakuni bo‘yicha respublikada jami 863 ta xorijiy kapital ishtirokidagi korxona tashkil etilgan bo‘lib, shulardan asosiy qismi Toshkent shahrida 535 ta, Toshkent viloyatida 88 ta va Samarqand viloyatida 56 ta tashkil etilgan. Xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar eng kam tashkil etgan viloyatlar qatoriga Navoiy viloyati (3 ta), Qashqadaryo viloyati (6 ta) hamda Surxondaryo viloyatini (9 ta) kiritish mumkin.

Agar faoliyat yuritayotgan xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalarni iqtisodiy faoliyat turlari kesimida ushbu ma'lumotlarni 2018 yil 1 yanvar holatiga ko‘rsak eng ko‘p sanoatda 2438 ta (44,2 foizni), savdoda 1055 ta (19,1 foizni), boshqa turlarida esa 993 ta (18,0 foizni) tashkil qilgan, eng kamlari esa sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishda 74 ta (1,3 foizni), axborot va aloqada 126 ta (2,3 foizni), qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi 159 ta (2,9 foizni), tashish va saqlashda 161 ta (2,9 foizni), yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlarda 220 ta (4,0 foizni) hamda qurilishda 291 ta (5,3 foizni) tashkil qilgan. 

Shundan ko‘rinib turibdiki, faoliyat yuritadigan xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalarning asosiy qismi sanoat va savdo faoliyat turiga to‘gri keladi. Shuningdek, eng kam ulushi esa sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar hamda axborot va aloqa faoliyat turlariga to‘g‘ri keladi.

Yangi tashkil etilgan xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalarni iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha ko‘radigan bo‘lsak, asosan sanoatda 414 ta, savdoda 136 ta, qurilishda 68 ta, qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida 51 ta va boshqa faoliyat turlarida 194 ta xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar yangi tashkil etilgan.

O‘zbekiston Respublikasida jami faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy kapital ishtirokidagi 5517 ta korxonalarning 70,8 foizi (3905 ta) uzoq xorijiy davlatlar hissasiga, 29,2 foizi (1612 ta) esa Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (keyingi o‘rinlarda MDH davlatlari) davlatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Jumladan, MDH davlatlari ichida Rossiya Federatsiya kapitali ishtirokida faoliyat yuritayotgan xorijiy korxonalar 1035 tani, Qozog‘iston Respublikasi 281 tani, Ozarboyjon Respublikasi 91 tani, Ukraina 58 tani, Qirg‘iziston Respublikasi 57 tani va qolgan davlatlar 90 tani tashkil etadi.

Uzoq davlatlar kapitali ishtirokidagi 3905 ta xorijiy korxonaning 812 tasi Xitoy Xalq Respublikasi, 510 tasi Janubiy Koreya Respublikasi, 508 tasi Turkiya Respublikasi, 503 tasi Buyuk Britaniya,189 tasi AQSh, 129 tasi Eron Islom Respublikasi, 125 tasi Hindiston Respublikasi, 123 tasi Germaniya Federativ Respublikasi, 112 tasi Afg‘oniston Islom Respublikasi va 894 tasi boshqa davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Top