Joriy yilning 11-yanvarida O'zbekiston Fanlar Akademiyasiga haqiqiy a`zoligiga saylangan akademik Ibroxim Abduraxmonov Surxondaryo viloyatining Termiz tumanidagi Paxtaobod QFY, Alisher Navoiy mahallasida joylashgan 9-maktabga borib, u yerda ushbu maktab o'quvchilari bilan uchrashdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar beradi. 

Uchrashuv chog'ida u o'z hayoti haqida, maqsadlariga va ilm-fandagi yuksak yutuqlarga qanday erishganligi to'g'risida so'zlab berdi. Shuningdek, Abduraxmonov Termizdagi Axborot texnologiyalari va turizm kasb-hunar kolleji talabalari bilan uchrashib, O'zbekiston fani yutuqlari va istiqbollari, O'zbekistonda yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar va undan unumli foydalanish haqida o'z hayotiy tajribasidan kelib chiqib so'zlab berdi. O'quvchilarning faolligi akademik I.Yu. Abduraxmonov tomonidan baholanib, tilak bildirib, sovg'alar taqdim etdi.

Ibrohim Abduraxmonovning navbatdagi uchrashuvi Termiz davlat universitetida, talabalar bilan bo'lib o'tdi. Oliygohda u respublikada sodir bo'layotgan o'zgarishlar, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan innovatsiyalar va ilm-fanni rivojlantirish uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berayotganliklari haqida so'zlab berdi. 

Eng yosh akademiklardan biri Abduraxmonov ta`kidlaganidek, Prezidentimiz, respublikamizning rivojlanishida yoshlarning o'rni alohida ekanligini ko'ra oldi, shuning uchun ham o'z oldimizga eng yuksak maqsadlarni qo'yib, ularni amalga oshirishga intilishimiz kerak. 

Eslatib o'tamiz, ayni paytda Ibrohim Abduraxmonov yangi tashkil etilgan Inovatsion rivojlanish vaziri hisoblanadi.