Afrika ittifoqi mamlakatlarining BMTdagi elchilari Donald Tramp so'zlaridan darg'azab ekanliklarini bildirishdi. Qo'shma Shtatlar rahbari Haiti, Salvador va Afrika davlatlarini «qo'lansa» mamlakatlar deb atagandi. Shu bilan birga, Haiti, Kuba va Salvador vakillari AQSh prezidentidan bu borada uzr so'rashni talab qildi.

Afrikalik elchilarning so'zlariga ko'ra, Trampning bayonoti «Afrika xalqlari va qit`a mamlakatlarining obro'siga zarar yetkazishga doir tendensiyani davom ettiradi». Ular prezidentdan uzr so'rash va o'z so'zlarini rad etishni talab qilishdi, shuningdek davlat rahbarini qoralab chiqqan amerikaliklarga minnatdorlik izhor etishdi.

Salvador prezidenti Sanches Serenning ma`lum qilishicha, «bunday bayonotlarga qarshi chiqadi», Kuba TIV bu so'zlarni «nafratga to'la» deb izohlagan bo'lsa, Haiti sobiq bosh vaziri ularni «umuman qabul qilib bo'lmaydigan» deb atadi.

Eslatib o'tamiz, avvalroq AQSh sobiq davlat kotibi Hillari Klinton mamlakat prezidenti Donald Trampning mojaroli so'zlarini qoralab chiqqani xabar berilgandi. Hillari Klintonning eslatishicha, prezidentning so'zlari, jumladan Haitiga tegishli bo'lgan joylari bu mamlakatda dahshatli zilzila sodir bo'lgan kunda aytilgan. «Sakkiz yil avval ro'y bergan bu dahshatli zilzila kunida Haiti xalqi bilan birdam bo'lishimiz va Amerika qo'shnilariga yordam ko'rsatishga sodiqligini bildirishimiz kerak edi. Buning o'rniga Trampning irqchilik kayfiyatidagi, haqoratli so'zlariga to'qnash keldik, ular uning o'zi kabi tashqi qiyofaga ega bo'lmagan barchaga qarshi qaratilgandi», - deya yozgan Klinton.