15:20 / 13.01.2018
28746

Prezident qarori bilan tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan maktab direktori o‘zgardi 

Foto: UzDaily

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi qoshidagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Axborot kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabga yangi direktor tayinlandi.

Vazirlik buyrug‘iga binoan 2018 yilning 13 yanvaridan Amirulla Abdullayev Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabga direktor etib tayinlandi. Bunga qadar maktabni Faridon Usmanov boshqarib kelayotgandi.

Abdullayev bakalavr darajasini Guliston davlat universitetida hamda magistr darajasini Xirosima universiteti (Yaponiya)da olgan. Turli yillarda u o‘qituvchilarni ingliz tili bo‘yicha tayyorlash bo‘yicha Ukraina, AQSh, Germaniya, Yaponiya, Italiya, Janubiy Koreya va Buyuk Britaniyada ishlagan.

2002 yildan boshlab u turli oliy o‘quv yurtlarida ingliz tili o‘qituvchisi sifatida faoliyat ko‘rsatib, rahbarlik lavozimlarini egallab kelgan. 2015 yilning sentabr oyidan boshlab Toshkent shahridagi Inha universiteti qoshidagi Uzluksiz ta'lim markazi menejyeri lavozimida ishlab kelayotgan edi. 

Eslatib o‘tamiz, ixtisoslashtirilgan maktab O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yil 14 sentabrdagi qarori asosida tashkil etilgan. Maktab o‘quvchilari davlat umumiy o‘rta ta'lim standartlari asosida zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng jalb qilgan holda matematika, fizika, informatika va chet tili fanlarini chuqur o‘zlashtirishadi. Maktabning nizomiga ko‘ra, ta'lim o‘zbek tilida olib boriladi.

Top