00:21 / 13.01.2018
18210

​​Saudiya Arabistonida ayollar uchun ilk avtosalon ochildi

Saudiya Arabistonining Jidda shahrida mahalliy xotin-qizlarga mo‘ljallangan birinchi avtosalon ochildi. Ta'kidlash joizki, o‘tgan yilning kuzida qirollik tarixida ilk marta ayollarning mashina boshqarishiga ruxsat berilgandi.

Salon saudiyalik ayollar orasida katta qiziqish uyg‘otmoqda. Ular avtomobillarga doim qiziqishgani, biroq avval bunday huquqqa ega bo‘lmaganliklari haqida aytishmoqda. 

Ekspozitsiyaning asosiy qismida yoqilg‘i kam sarf qilinadigan avtomobillar namoyish qilingan, salonga kelgan mehmonlarga faqat ayol-maslahatchilar yordam berishmoqda. Shu bilan birga, savdo markazining o‘zi ham ayollar tomonidan boshqarilmoqda, restoranlarning barcha xodimlari ham ayol kishilardan iborat.

O‘tgan yilning sentabrida qirol Salmon ibn Abdul Aziz ol Saud ayollarga haydovchilik guvohnomasini berish huquqini  taqdim etuvchi farmonni imzolagan. Bunga qadar esa Saudiya Arabistoni ayollar mashina haydash huquqiga ega bo‘lmagan dunyodagi yagona mamlakat hisoblangan.

Bundan tashqari, 2018 yilning 12 yanvarida qirollikda ayollarga futbol o‘yinlarini tomosha qilishga ruxsat beruvchi qonun kuchga kirdi, ular uchun maxsus tribunalarda joylar belgilangan.

Mavzuga oid
Top