O'zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasida Adliya vazirligi hamda TIV bilan hamkorlikda Isroilning CHANNEL 9 kanali vakillarining O'zbekistonga tashrifi tashkil etildi. Maqsad - O'zbekistonda turizmni rivojlantirish. 

Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi matbuot markazining xabar berishicha, tashrif doirasida xorijiy sayyohlarni O'zbekistonga jalb etish maqsadida respublikaning tarixiy  shaharlari, milliy oshxonasi, musiqasi, amaliy san`ati va hunarmandchiligi haqida qator loyihalar tayyorlanmoqda.

Birinchi kun doirasida tasvirga olish ishlari Markaziy Osiyoning eng qadimiy shaharlaridan biri va Ipak yo'li markazlaridan biri hisoblangan Buxoroda o'tkazildi. YuNeSKO merosiga kiritilgan ushbu muzey-shaharda isroillik jurnalistlar kanalning turli ko'rsatuvlari uchun qator materiallar tayyorlashdi. 

Mehmonlar Buxoroning turistik salohiyati yetarlicha baholanmagani, bu she`riyat va ertaklar shahri ekanini zavq bilan ta`kidlashdi.

O'zbekistonda yo'lga qo'yilgan Xavfsiz turizm konsepsiyasi isroillik jurnalistlar e`tiborini jalb qildi: xorijiy tillarni biluvchi turistik politsiya boshqarmasi ishga tushgan. Tizim xorijiy sayyohlar xavfsizligini ta`minlash uchun xizmat qilish bilan birga mobil axborot markazi sifatida ham ish olib boradi.

"Xalqaro standartlarga muvofiq xizmat ko'rsatuvchi mehmonxonalarning ko'pligi, zamonaviy transport infratuzilmasi va ayniqsa - mamlakatdagi do'stona muhit (musulmon masjidlari, nasroniylar cherkovlari va qadimiy sinagoglarning yonma-yon faoliyat ko'rsatishi) bizni ajablantirdi, bu isroillik sayyohlar uchun katta ahamiyatga ega", - dedi telekanal prodyuseri Yevgeniy Shvarts.

Isroil telekanalining ijodiy guruhi tasvirga olish ishlarini Samarqand va Toshkentda davom ettiradi. 

Kanal Isroil, AQSh, Kanada, Germaniya, Avstraliya, shuningdek Sharqiy Yevropa va MDH mamlakatlarida rus tilida translyatsiya qilinadi. Isroilning 82 foiz rusiyzabon aholisi telekanalning doimiy muxlisi hisoblanadi. Kanalning faqat Isroilning o'zidagi auditoriyasi - 2 million kishidan ortiqni, xorijda esa - 6 million kishini tashkil qiladi.