AQShning O'zbekistondagi elchisi Pamela Spratlen «Amerika ovozi»ga bergan intervyusida prezident Karimov o'rniga Mirziyoyev kelishini hech kim kutmagani haqida gapirgan.

Jurnalist «Shavkat Mirziyoyev avvalgi sistema namoyondasi ekani, avvalgi sistemadan chiqqan odam hozirgidek davlat rahbari bo'lishi»ga elchi qanday munosabatda ekanini so'ragan.

«U nafaqat meni, balki hammani ajablantirdi. Uning rahbarlikka tanlanishi juda qiziq, ehtiyotkorona va pishiq, chuqur mulohazali bir qaror bo'ldi. Xalqaro hamjamiyatda hech kim Prezident Karimov o'rniga shu odam keladi deb kutmagan edi. Meni, shaxsan, Mirziyoyev juda ko'p jihatdan hayron qoldirgan va qoldiradi.

Birinchidan, uning temperamenti, boya aytganimdek. U odamlar bilan ishlashni xohlaydi, hamjihatlik tarafdori. Ikkinchidan, va bu O'zbekiston xalqi uchun juda muhim: Mirziyoyev rahbarlikka kelganidan beri davlat va xalqni yaqinlashtirish harakatida. Xalq manfaatlarini o'ylang, u bilan muloqot qiling, deb kelmoqda. Bunday yondashuvni odamlar, nazarimda, kutmagan edi.

Oqsashlar bo'ldi albatta, lekin ayrim ishlari samara bera boshladi. Gapirayotganida bir narsa oydek ravshan: u hukumat zolim kuch bo'lishini xohlamaydi, aksincha, hukumat xalqqa xizmat qilsin, deydi. Bunga erishish esa juda qiyin. Mashaqqatli yo'l oldinda, lekin Mirziyoyevning xalqqa xizmat qilishga bel bog'lagani men uchun kutilmagan hol.

Ikkinchi ajablanarli hol, hukumat apparatini yangilash harakati. Oldinlari eski davr odamlari ko'p edi. Ularning ayrimlari hali ham bor. Lekin ular orasida juda iqtidorli odamlar ham bor — ko'p narsani biladi va foydasi katta. Yangi shaxslar ham serob. Hukumatning chet elda o'qiganlarga keng ochilayotgani ham katta o'zgarish.

Yoshlarga e`tibor katta. Xorijda ishlayotganlarga salbiy emas, ijobiy ruhda qarashayotgani tahsinga sazovor. Siz, masalan, bu haqda ko'p gapirib kelasiz, "Tvitter" va boshqa joylarda. Bu juda muhim. Bozor iqtisodiyoti ham siljiy boshladi. Oldinda qilinadigan ishlar talay. Biroq Prezidentning bu borada BMTda va boshqa minbarlardan turib gapirishi, yangi yo'nalishga o'tish, o'tgan sentabrda Nyu-Yorkda AQSh biznes doiralariga bu borada ochiq aytishi keng olqishlandi. Endi biz kutayapmiz, bu qarorlar amalga oshishini.

Har kuni xushxabar. Oldinlari O'zbekistonga shoshmay, choy ichib, astalik bilan harakat qiladigan xalq va hukumat deb qarashar edi. Hozir ham ko'p jihatdan mana shu madaniyat joyida. Lekin bugungi signal shuki, O'zbekiston oldinga shahdam qadam tashlashga shay.

Prezident Mirziyoyev, nazarimda, orqada qolmoqchi emas; dadillik va epchillik bilan ko'proq bizneslarni jalb etmoqchi; mamlakatda to'g'ridan-to'g'ri sarmoya oqimi oshsin, deya urinmoqda. Bu juda qiyin, lekin o'tgan yili sentabrda konvertatsiyani ochgani u bu mashaqqatni yengishga bel bog'laganidan darak. Shunday ekan, yana ko'plab xushxabarlar kutib qolamiz», deya Spratlen xonimning so'zlarini keltirgan O'zA.