21:50 / 14.01.2018
37310

Sud erini bo‘g‘ib o‘ldirgan ayolni aybsiz deb topdi

Era (Shotlandiya)lik juftlik Syuzanna va Xenri 50 yil birga yashab, uch farzandni dunyoga keltirishdi. Tashqaridan qaraganda, bu baxtli turmushdek ko‘rinardi, biroq 2016 yilning sentabrida ro‘y bergan Xenrining o‘limi uning ayoli va yaqinlari uchun yengillik bo‘ldi. 

Gap shundaki, Xenri muntazam ravishda Syuzannani kaltaklagan. Ayol o‘z e'tiqodidan kelib chiqib, barcha azoblarga bardosh bergan. U buni Yaratgan tomonidan yo‘llangan sinov sifatida qabul qilib, oxirigacha chidashga qaror qilgan. 

50 yil o‘tib Xenrining yuragi zaiflashdi va u to‘shakka mixlanib qoldi. Syuzanna unga g‘amxo‘rlik qilish barobarida barcha xo‘rlik va qiyinchiliklarga dosh berdi. Biroq oxir-oqibat ayol chuqur depressiyaga tushdi. 

Yolg‘izlik va o‘sha payt Xenridan deyarli barcha tanishlari yuz o‘girgani uni o‘z joniga qasd qilishga undadi. Uning bir urinishi muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Bu vaqt esa Syuzannaning ahvoli yanada og‘irlashib borardi, u endi antidepressantlarsiz yashay olmas edi. Oxir-oqibat uning sabr-bardoshi tugadi.

2016 yilning 3 sentabrida Xenri ayolidan bir tanishining raqamini terib berishni so‘radi. U telefonda tanishi bilan qo‘pol ohangda gaplashayotganida Syuzannaning fig‘oni falakka chiqdi. U erini ko‘za bilan urib, yuzini jarohatladi. Xenri shikoyat qilishda davom etardi va o‘lgisi kelayotganini aytardi...

Syuzanna xonadan tashqariga chiqib ketadi, qaytganida esa — polda qonga belangan Xenrini ko‘radi. Uning yonida bo‘sh dori qutisi turardi. Ayol Xenrini karavotga yotqizadi, u esa "Menga yordam ber!" deya qichqirardi. Syuzanna gap shifoxonaga olib borish haqida emasligini yaxshi tushunib turardi...

Ayol ko‘z yoshlari va qo‘rquv bilan Xenrining yostig‘ini olib, uning tipirchilashlari tingunga qadar bo‘g‘ishda davom etdi. Shundan keyin politsiyaga qo‘ng‘iroq qildi va o‘z qilmishiga iqror bo‘ldi. 

Syuzanna Uilson. Foto: imgur

"Men faqat unga achinganimdan shunday qildim, bu qachonlardir tugashi kerak edi..."

                  Syuzanna Uilson

Syuzannaning himoyachisi Oliy sudni bu voqeada jabrlanuvchi Xenri emas, uning turmush o‘rtog‘i ekaniga ishontirishning uddasidan chiqdi. Oxir-oqibat ayol aybsiz deb topildi. Shuncha yil azob chekkan keksa ayolni qo‘yib yuborishdan avval sudyaning shaxsan o‘zi unga taqdir nasib qilgan qolgan umrni tinchlik-xotirjamlik va xursandchilikda yashab o‘tishni tiladi. 

Glazgo Oliy sudi. Foto: imgur

"Qotillikning bosh sababi eringizning o‘limi vaqtidagi psixik holatingiz bo‘lgan. Sizni jamiyatga xavfli inson sifatida qayd etishga hech qanday asos yo‘q. Shu bois biz sizni ogohlantirib, qo‘yib yuboramiz". 

                  Glazgo Oliy sudi.

 

Mavzuga oid
Top