16:30 / 15.01.2018
13987

Airbus Boeing’ni ortda qoldirdi

Foto: Reuters

Airbus Yevropa aviasozlik kompaniyasi 2017 yilda samolyotlarga olingan buyurtmalar bo‘yicha Boeing’ni ortda qoldirdi.

Airbus’ning yillik faoliyat ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi xabarda aytilishicha, kompaniya o‘tgan yili 44 mijozdan 1109 ta samolyotga buyurtma oldi. Shu bilan birga, Boeing ma'lumotlariga ko‘ra, Amerika korporatsiyasida buyurtmalar soni 912 tani tashkil etdi.

Airbus xabarida ta'kidlanishicha, kompaniya o‘tgan yilda 718 ta mashina yetkazib berdi, bu 2016 yil bilan taqqoslaganda 4 foizga ko‘p. Xabarga ko‘ra, samolyotlar 85 ta mijozga yetkazib berildi.

Airbus prezidenti va bosh direktori Fabris Brejyening qayd etishicha, bu “buyuk yutuq jamoaning ishga sodiqligidan dalolat beradi hamda kompaniyani yangi imkoniyatlarga yanada ishonchli, kuchli va tayyor qiladi”.

Bundan tashqari, Airbus dunyodagi eng yirik seriyali avialayner Airbus A380’ni ishlab chiqarishni to‘xtatishga majbur bo‘lishi mumkin. Bu agarda BAAdan Emirates aviakompaniyasi bu samolyotlarga yangi buyurtma joylashtirmasa yuz beradi. Bu haqda Airbus tijorat direktori Jon Lixi ma'lum qilgan.

"Rostini aytganda, agarda Emirates bilan bitimga erisha olmasak, dasturni to‘xtatishdan boshqa yo‘limiz qolmaydi", - deya uning so‘zlarini keltirgan AFP.

Airbus A380’ni ishlab chiqarishni to‘xtatishi mumkinligi haqida Reuters agentligi ham dekabr oyida manbalarga tayangan holda xabar bergandi. Uning ma'lumotlariga ko‘ra, Airbus va Emirates o‘rtasida taxminan 16 mlrd dollarga 36 ta samolyotni sotib olish bo‘yicha muzokaralarda aniq bitimga erishilmagan. 

Airbus A380 – dunyodagi eng yirik seriyali yo‘lovchi avialayneri bo‘lib, uning birinchi versiyasida maksimal sig‘im 853 kishini, maksimal parvoz massasi 575 tonnani tashkil etadi, qanotlari kengligi 79,7 metr, maksimal parvoz masofasi 15,2 ming kilometr, kreyserlik tezligi 945 km/s. 

Mavzuga oid
Top