15:40 / 15.01.2018
11523

«AQSh Suriya yaxlitligini saqlab qolishdan manfaatdor emas» - Rossiya

Foto: Reuters

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning har yilgi matbuot anjumanida ma'lum qilishicha, Vashington Suriya yaxlitligini saqlab qolishdan manfaatdor emas. 

«AQSh davlat kotibi Reks Tillerson, undan avvalgi Jon Kerri kabi, meni bir necha marta AQShning Suriyada bo‘lishiga, jumladan yerdagi maxsus topshiriqli guruhga yagona sabab terrorchilarni, IShIDni yo‘q qilish ekani haqida ishontirmoqchi bo‘lgan. Biroq hozirda, hattoki IShID oxiriga qadar yo‘q qilinmagani e'tiborga olinsa ham, biz kuzatayotgan bugungi xatti-harakatlar shuni ko‘rsatmoqdaki, AQSh Suriya hududiy yaxlitligini saqlab qolishdan manfaatdor emas», - dedi Lavrov.

Uning e'tibor qaratishicha, AQShning yangi tashabbusi – Suriya Demokratik kuchlariga chegaraoldi xavfsizligi zonalarini yaratishda yordam ko‘rsatish – Turkiya va Iroq bilan chegara bo‘ylab hamda Firot daryosidan sharqdagi hududning ajratilishini nazarda tutadi. Bu zona AQSh boshchiligidagi guruhlar tomonidan nazorat qilinishi ma'lum qilindi. Lavrovning so‘zlariga ko‘ra, bu Suriyani parchalab tashlashga qo‘yilgan birinchi qadam bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, uning ta'kidlashicha, BMT Xavfsizlik Kengashining hech qanday rezolyutsiyalari va Jyeneva muzokaralari davomida erishilgan bironta kelishuv ham bunday harakatlar uchun zamin yaratmaydi. Ayni damda Rossiya, Turkiya va Eron Amerika tomonidan yangi tashabbus bo‘yicha tushuntirish berilishini kutayotgani aytildi.

Top