18:18 / 15.01.2018
12882

Ba'zi qonun hujjatlariga kiritilgan tuzatishlar to‘plami kuchga kirdi

9.01.2018 yildagi O‘RQ–459-son Qonun bilan bir qator qonun hujjatlariga tuzatishlar kiritildi. Norma.uz ushbu o‘zgartirishlar to‘g‘risida batafsil ma'lumot berdi.

Birinchidan, endi shu'ba, tobe va unitar korxonalar o‘z mulkida o‘zining asosiy jamiyati ustav kapitalidagi ulushga (aksiyalarlarga) ega bo‘lishga haqli emas. Agar ular 10.01.2018 yilgacha olingan bo‘lsa, ular ulushlarni (aksiyalarni) saqlab qoladilar, biroq ishtirokchilarning (aksiyadorlarning ) umumiy yig‘ilishida ovoz berish huquqidan mahrum bo‘ladilar.

Shu bilan birga yana bir taqiq joriy etildi. Shu'ba va tobe korxonalar xodimlari hamda ularning boshqaruv organlari a'zolari, unitar korxona rahbari va xodimlari tegishincha aksiyadorlik jamiyati kuzatuv kengashi va mas'uliyati cheklangan (qo‘shimcha mas'uliyatli) jamiyat a'zolari bo‘la olmaydilar.

Ushbu taqiqlarning sabablari va mantig‘i to‘g‘risida havola orqali kiriladigan sharhda batafsil o‘qish mumkin.      

Ikkinchidan, soliq xizmati tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishni kirim hujjatlarini rasmiylashtirmasdan amalga oshiruvchi xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarini 5 bank kunigacha bo‘lgan muddatga vaqtincha to‘xtatib turish huquqiga ega bo‘ldi. Bu suddan tashqari tartibda amalga oshiriladi. «Davlat soliq xizmati to‘g‘risida»gi Qonun va Soliq kodeksiga tegishli qo‘shimchalar kiritildi.

Tasdiqlangan tahrirda aynan nimalar tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) kirim hujjatlarini rasmiylashtirmasdan realizatsiya qilish deb e'tirof etilishi ham ko‘rsatilgan:

• kameral nazorat jarayonida aniqlangan, kirim qilingan va realizatsiya qilingan (sarflangan) tovarlar (ishlar, xizmatlar) hajmlarining mos emasligi, xuddi shuningdek bank operatsiyalarining xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar faoliyatining xususiyati va turiga mos emasligi;
• soliq tekshiruvi jarayonida aniqlangan, tovarlar (ishlar, xizmatlar) kirim qilinganligi fakti to‘g‘risida dalolat beruvchi hujjatlarning mavjud emasligi, almashtirib qo‘yilganligi, qalbakilashtirilganligi yoki yo‘q qilinganligi, realizatsiya qilinmagan tovarlar sifatida hisobga olingan tovarlarning omborda yoki realizatsiya qilish joyida mavjud emasligi; 
• xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) kirim hujjatlarini rasmiylashtirmasdan realizatsiya qilayotganligi hollarini tasdiqlovchi hujjatlarning jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan davlat soliq xizmati organlariga taqdim etilishi.

Uchinchidan, «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Raqobatni cheklovchi og‘zaki shakldagi kelishuvlarga, ayrim istisnolardan tashqari, taqiq joriy etildi. Loyihada nazarda tutilgan sub'yektlarni qo‘shib yuborish va qo‘shib olishga oldindan rozilik olish uchun qo‘shimcha shart (qo‘shib yuborish yoki qo‘shib olish chog‘ida tashkil etilgan shaxsning bozordagi ulushi 35% va undan ortiqni tashkil etishi mumkin) yakuniy tahrirda yo‘q. Ya'ni bu holda oldindan rozilik olish talab etilmaydi. 

Bundan tashqari, oldindan rozilik olish uchun hujjatlarni 2018 yilning 1 dekabridan boshlab «yagona darcha» markazlariga taqdim etish mumkin bo‘ladi (hozir bevosita monopoliyaga qarshi organga taqdim etilmoqda).

Qonun «Xalq so‘zi» gazetasida e'lon qilingan va 10.01.2018 yilda kuchga kirdi.        

Top