20:39 / 16.01.2018
7750

AQSh Suriyaning hududiy yaxlitligiga qarshi reja tuzmoqda – Ruhoniy

Foto: Hasan Ruhoniy. Foto: AP

Eron prezidenti Hasan Ruhoniy AQSh Suriya va butun Yaqin Sharq mintaqasining hududiy yaxlitligi va xavfsizligiga qarshi reja tuzmoqda, deb aytdi. Bu haqda Ruhoniyning saytida aytilgan. 

Eronda Islom hamkorlik tashkiloti Parlament ittifoqining 13-sessiyasi o‘tmoqda. Unda turli davlatlar qonunchilik organlari vakillari ishtirok etmoqdalar. Ruhoniy 16 yanvarda Suriya parlamenti spikeri Hammud as-Saboh bilan uchrashgan.

“AQSh ko‘zlayotgan reja xalqaro me'yorlarni buzadi hamda Suriya va butun mintaqaning hududiy yaxlitligi va xavfsizligiga qaratilgan makkorona rejadan iborat”, deb aytgan Ruhoniy uchrashuvda va AQShning Suriyadagi mavjudligini qoralagan.

Avvalroq OAV ma'lum qilgandek, IShIDga qarshi kurashuvchi AQSh boshchiligidagi koalitsiya Suriyada o‘z nazoratida bo‘lgan hududlarni qo‘riqlash uchun “chegara xavfsizligi kuchlarini” tayyorlamoqda. Ta'kidlanishicha, ushbu kuchlarning miqdori 30 ming kishigacha yetkaziladi. Koalitsiya bu maqsadda Suriya demokratik kuchlari bilan birgalikda ishlayotgani ma'lum qilingan. Ayni vaqtda 230ga yaqin odam tayyorgarlikdan o‘tmoqda.

 

Mavzuga oid
Top