00:18 / 16.01.2018
29311

Yangi yo‘nalishlardagi aviareyslar haqida ma'lum qilindi

2018 yilda Ispaniya, Ukraina, Indoneziya mamlakatlariga aviareyslar ochiladi. KUN.UZ muxbiri Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimovning bergan ma'lumotiga asoslanib, shu haqida xabar berdi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov

"Joriy yilda Ispaniya, Ukraina, Indoneziyaga aviareyslar yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda. Yana qator mamlakatlarga reyslar soni oshiriladi", - dedi A.A.Abduhakimov.

Qo‘mita raisi shu o‘rinda biror yangi reysni yo‘lga qo‘yish ulkan ishlarni talab qilishini ta'kidlab o‘tdi. Yangi yo‘nalishni ochgandan keyin uning muntazam to‘lishi, dastlabki jarayonni yo‘lga qo‘yish, aviatsion xavfsizlik bilan bog‘liq ko‘plab masalalar hal qilinishi kerakligi qayd etildi.

"Biz "O‘zbekiston havo yo‘llari"ga bir necha taklif beryapmiz. Albatta, ularda ham xavotir bor - agar hozir aviatsiya bozorini yoppasiga ochadigan bo‘lsak, milliy tashuvchini yo‘qotib qo‘yishimiz mumkin. Yaxshi xabaringiz bor - Qirg‘iziston, Armaniston kabi qator mamlakatlarda shunday vaziyat kuzatilgan. Bu masalada bir tomonlama yondashish kerak emas. Biz ham albatta, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi sifatida ko‘p aviatashuvchilar kelishi, loukosterlar bo‘lishi tarafdorimiz, biroq boshqa tomondan, biz milliy aviatashuvchini yo‘qotib qo‘yishimiz mumkin", - dedi Aziz Abduqahhorovich.

Shuningdek, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi "O‘zbekiston havo yo‘llari"ga respublikadagi asosiy aeroportlar - Toshkent, Samarqand, Buxoro, Urganch aeroportlarigagina emas, balki Qarshi yo Farg‘ona aeroportlariga ham qatnovlarni yo‘lga qo‘yish va shu yo‘l bilan mahalliy iqtisodiyotni ko‘tarish taklifi berilayotganini qo‘shimcha qildi.

Top