22:23 / 16.01.2018
6839

Xitoyning Trumpchi avtomobil brendi “Tramp sababli” AQSh bozoriga chiqmaydigan bo‘ldi

Foto: reuters

Xitoyning GAC avtomobilsozlik kompaniyasi (Guangzhou Automobile Group) 2019 yilda Trumpchi (Trampchi) brendi bilan AQSh bozoriga chiqishdan bosh tortdi. Bu esa brendning nomi – xitoycha "chxuanti" (afsona) so‘zining inglizchalashtirilgan versiyasi amerikaliklarda AQSh prezidenti Donald Tramp (Trump) ismini eslatib yuborishi bilan bog‘langan. 

GAC Toyota va Honda bilan birga Xitoy bozori uchun avtomobillar ishlab chiqaradi, Trumpchi brendi ostida esa 2010 yildan yengil avtomobillar va yo‘ltanlamaslar yaratadi. GAC AQShda savdolarni 2019 yilda boshlashni rejalashtirgandi. 

Kompaniya marketologlari AQSh bozoriga chiqishdan oldin Trumpchi brendining amerikaliklar tomondan qanday qabul qilinishini o‘rganish maqsadida tadqiqot o‘tkazishgan. Kompaniya rahbari Yuy Tszyunning aytishicha, Trumpchi nomi AQShda kompaniya uchun salbiy ta'sirga ega bo‘lishi aniqlangan. Natijada yangi nom topishga qaror qilingan.

Marketologlarning xorijiy bozorlarga chiqishda bunday o‘ziga xos “nozik” tomonlarni hisobga olmasliklari ba'zan anglashmovchiliklarga va savdolar muvaffaqiyatsizlikka uchrashiga olib keladi.

Avtosanoatda avtomobil markasining boshqa tillarda yoqimsiz eshitilishi sababli o‘zgartirilishiga yorqin misol “Jiguli” markasi bilan bog‘langan. Sobiq ittifoqda bu markadagi mashinalar Lotin Amerikasiga eksport qilinmoqchi bo‘lganda “Jiguli” nomi “jigolo” so‘zini eslatib yuborishi aniqlangan va Lada deb qayta nomlangan.

Yaponiyaning Mitsubishi kompaniyasi ham Pajero mashinasining nomi ispan tilidagi qo‘pol so‘zga o‘xshash yangragani sababli uni Lotin Amerikasi va Ispaniya bozorlariga chiqarishdan avval Montero deb o‘zgartirishga majbur bo‘lgan.

Ford konserni esa Pinto (ispanchada mast, mug‘ombir so‘zini anglatadi) modelini Corcel’ga o‘zgartirgan.

Toyota esa Fransiyada MR2 mashinasini MR nomi bilan sotgan, chunki mashinaning nomi fransuzcha merdeux (pastkash) kabi yangragan. 

GM konserni esa Chevrolet Nova modelini ispan tilida so‘zlashuvchi davlatlar uchun Caribe deb o‘zgartirgan, chunki “no va” ispanchada “yurmaydigan” degan ma'noni beradi.

Top