16:57 / 16.01.2018
13104

Matbuot va axborot agentligi yangi loyiha haqida e'lon qildi

Foto: KUN.UZ

Matbuot va axborot agentligi O‘zbekistonda tug‘ilib, kamol topgan va islom dini rivojiga, shuningdek, butun bashariyat ma'naviy kamolotiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk bobokalonlarimiz, xususan, hadis ilmining sultoni Imom al -Buxoriy, Imom at-Termiziy, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Bahovuddin Naqshband, Imom Moturidiy, Abul Muin Nasafiy kabi ulug‘ zotlarning o‘lmas ilmiy-ma'rifiy merosi, ibratli hayotini va ularning inson sifatidagi badiiy mukammal obrazlarini haqqoniy gavdalantiruvchi romanlarning yaratilishiga hissa qo‘shish, muqaddas islom dinining asl mohiyatini, uning rivojida bobokalonlarimizning ulkan xizmatlarini aholi, ayniqsa, yoshlar orasida keng yoritish, shu bilan birga, adiblarimiz, islomshunos olimlar hamda yosh tadqiqotchilarimizni ma'naviy va moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Islom sivilizatsiyasining buyuk allomalari” mavzuida badiiy asarlar yaratish bo‘yicha ijtimoiy buyurtmalar loyihasini e'lon qildi.

Ijtimoiy buyurtmalar bo‘yicha yaratiladigan ijodiy ishlar uchun quyidagi talablar ko‘zda tutilgan:

– muqaddas islom dinining sofligini ta'minlash,  uning rivoji va ma'naviy qadrini yuksaltirishda o‘zlarining o‘chmas nomlarini qoldirgan buyuk bobokalonlarimiz – hadis ilmining sultoni Imom al-Buxoriy, Imom at- Termiziy, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Bahoviddin Naqshband, Imom Moturidiy, Abul Muin Nasafiy kabi ulug‘ zotlarning o‘lmas ilmiy-ma'rifiy merosi, ibratli hayotini va ularning inson sifatidagi badiiy mukammal obrazlarini yuksak badiiy vositalar bilan aks ettiruvchi romanlar yaratish;
– buyuk allomalarimizning badiiy timsollarini yaratish bilan birga islom dinining bugungi jahon hamjamiyatidagi o‘rnining muhimligi, insoniyatni tashvishga solayotgan global muammolarni hal etishda islomiy bag‘rikenglik g‘oyalarining ahamiyatini ochib berish;
– islom har sohada me'yor va muvozanatga rioya qiluvchi din ekani, uning mohiyati – insonga g‘amxo‘rlik, bag‘rikenglik, hukmlari – adolat, voqeligi –xalqparvarlik, zohiri – ilg‘or madaniyat ekani;
– islom olamida kechayotgan murakkab ijimoiy-siyosiy jarayonlarning asl mazmun va mohiyati, kelib chiqishi va oqibatlarini teran tahlil etuvchi hamda turli g‘arazli va bugungi terrorchilik holatlarini islom dini bilan bog‘layotgan buzg‘unchi kuchlarga qarshi kurashga chorlovchi;
– islom tinchlik dini ekani va u mohiyatan terrorizmga mutlaqo zidligi, milliy tarbiyaning sharqona xususiyati, diniy ta'lim tizimidagi o‘ziga xos tamoyillarni ochib beruvchi;
– dunyoning turli burchaklarida sodir bo‘layotgan buzg‘unchilik va xunrezliklar islomdan emasligini tariximizdagi allomalar hayotidan keltirilgan turli voqealar, vaziyatlarga munosabatlar asosida dalillab beradigan;
– o‘z davrida buyuk bobokalonlarimizning diniy mutaassiblik, adashgan oqimlarning puch da'volariga bergan raddiyalari, dinimiz ta'limotlarini noto‘g‘ri talqin qiluvchilarga javoblarini bugungi kun bilan bog‘lagan holda qiziqarli talqin etuvchi;
– muqaddas dinimizning asl mohiyatini anglash –  ayrim yoshlarning islom niqobidagi buzg‘unchi g‘oyalar, ekstremizm, terrorizm girdobiga kirib, buzg‘unchi g‘oyalarga aldanib qolishiga qarshi kurashishida o‘ta muhim omil ekani;
– islom dini bag‘rikenglik tamoyillari bilan hamisha xalqlar o‘rtasida do‘stlik, tinchlik-totuvlik va hamkorlikka chaqirib kelganini, har qanday fitna va urushlarga barham berganini badiiy obrazlar vositasida ochib beradigan asarlar yaratish shular jumlasidandir.

Buyurtma berilgan kitoblar Agentlik tizimidagi nashriyotlar qoshida taniqli adiblar, islomshunoslar, diniy arboblar hamda tarixchi olimlardan iborat nufuzli hay'at tomonidan baholanib, nashriyotlarning ijtimoiy grantlari asosida chop etiladi va mualliflarga belgilangan tartibda qalam haqi beriladi.

Nashriyotlar va mualliflar o‘rtasida tuziladigan shartnomada ijtimoiy grantlar asosida yaratiladigan kitob uchun qalam haqining ma'lum qismini oldindan to‘lash ham ko‘zda tutiladi.

Loyihada ishtirok etishni xohlovchilar diqqatiga!

Ijtimoiy buyurtmalar loyihasining tashkiliy va ijodiy jihatlari yuzasidan Agentlik tizimidagi nashriyotlarga bevosita murojaat qilishingiz hamda ular bilan oldindan shartnoma tuzish tartibida loyihani bajarishga kirishishingiz mumkin!

Agentlik tizimidagi nashriyot-matbaa ijodiy uylarining manzillari:

1. “O‘zbekiston” NMIU – 100011, Toshkent, Navoiy ko‘chasi, 30-uy. 
Tel.: (0371) 244-87-55, 244-87-20. Faks: (0371) 244-37-81, 244-38-10;

2. “O‘qituvchi” NMIU – 100206, Toshkent, Yangishahar ko‘chasi, 1-uy.
Tel.:(0371) 224-10-77, 224-05-49.Faks: (0371) 224-05-61;

3. Cho‘lpon nomidagi NMIU – 10011, Toshkent, Navoiy ko‘chasi, 30-uy. Tel.:(0371) 244-10-45. Faks: (0371) 244-58-55;

4. “O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti – 100011, Toshkent, Navoiy ko‘chasi, 30-uy. Tel.: (0371) 244-34-38, 244-60-75, 244-07-47. Faks: (0371) 244-24-91; 

5. G‘afur G‘ulom nomidagi NMIU – 100128, Toshkent, Labzak ko‘chasi, 86-uy. Tel.: (0371) 241-19-28, 241-18-96. Faks: (0371) 241-82-69.

Top