13:13 / 16.01.2018
22896

Messining yangi shartnomasi haqidagi ma'lumotlar - unda aqlbovar qilmas raqamlar bor

Foto: Getty images

Germaniyaning Spiegel nashri Football Leaks bilan hamkorlikda, «Barselona» hujumchisi Lionel Messining yangi shartnomasi haqidagi ma'lumotlarni oshkor qildi.

Unga ko‘ra, futbolchi 4 yilda yarim milliard yevro ishlab topishi mumkin.

- Messining shartnomasi uchta qismdan iborat. Birinchisi –  futbolchining o‘zi bilan, ikkinchisi – Leo Messi Management S.L. kompaniyasi bilan (futbolchining imij huquqi bilan shug‘ullanadi), uchinchisi – Messining xayriya fondi bilan.

- Agar Messi shartnomada ko‘zda tutilgan 4 mavsum davomida o‘ynasa, har bir mavsumi uchun 106 mln yevro oladi. Agar «Barselona» treblga erishsa, Messi FIFA tomonidan yil futbolchisi deb topilsa, u holda 122,5 mln yevro oladi. Ba'zi hisob-kitoblarga ko‘ra, Messining maoshi «Barselona» ish haqi byudjyetining 40% tashkil qilishi mumkin.

- «Barselona» soliqlar bo‘yicha qarzidan qutulish uchun, Messiga qo‘shimcha pul ajratadi. Avvalgi shartnoma bo‘yicha, bu 23,1 mln yevro miqdoridagi bonus shaklida bo‘lgan. Yangi shartnomada bu Messining maoshi ichiga kiritilgan.

- 2013 yili «Real» Messini 250 mln yevro evaziga sotib olmoqchi bo‘lgan. Qizig‘i shundaki, Florentino Peres va Messi oilasi o‘rtasidagi muzokara parvozdagi samolyotda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Biroq, «Barselona» Lionel maoshini oshirganidan so‘ng, u klubda qolishga qaror qilgan.

- Messining yangi shartnomasi bo‘yicha muzokaralar uning otasi Xorxe tufayli cho‘zilib ketgan. Bitim 30 iyun kuni imzolangan (Neymarning «PSJ»ga ketishidan bir oy oldin). 18 iyul kuni «Barsa» bu haqda e'lon qilmoqchi bo‘lgan, biroq  Xorxe aloqaga chiqmay qo‘ygan. U transfer bozoridagi o‘zgarishlardan xavotir olgan bo‘lishi mumkin. Natijada, tomonlar imzolangan shartnoma bo‘yicha qo‘shimcha muzokara o‘tkazganlar va bu haqda 25 noyabr kuni e'lon qilingan. Futbolchining tovon puli 300 mln yevrodan 700 mln yevroga oshirilgan.

Top