17:38 / 16.01.2018
7740

Sodiq Safoyev: 2017 yil vazifalarni aniqlab olish yili bo‘ldi

Foto : Kun.uz

2017 yil O‘zbekiston hukumati oldida turgan muammo va vazifalarni aniqlab olish yili bo‘ldi, 2018 yil esa, rejalarni qog‘ozdan amaliyotga tatbiq etish yili bo‘ladi. Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida shu haqda fikr bildirdi.  

“2018 yil haqida so‘z yuritadigan bo‘lsak, u “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalari yili” bo‘ladi. Faol tadbirkorlikka e'tibor qaratilishi tushunarli narsa. Ammo innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarga to‘xtalsak, e'tiboringizni shu narsaga tortmoqchimanki, bu faqatgina tadbirkorlik yoki iqtisodiyot sohasi bilan cheklanmaydi.

Gap, jumladan aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda ham innovatsion g‘oyalarni joriy qilish haqida bormoqda.  

Iqtisodiyot sohasi oldida ham ulkan vazifalar turibdi. Albatta, bu yil o‘tgan yilga nisbatan murakkabroq yil bo‘ladi. Uzoq yillar mobaynida so‘z yuritilmagan muammolar oshkora hal etiladi. Bu esa, tabiiyki, ba'zi sohalarda, birinchi galda energiya manbalari narxi borasida muvozanat o‘zgarishiga olib keladi. Buni har qanday iqtisodiyot hal etishi zarurdir. Mazkur masalani hal etmasdan, iqtisodiyotning haqiqiy o‘sishini ta'minlash mumkin emas. Busiz holatga haqiqiy baho berib bo‘lmaydi. 

Bu o‘z navbatida narx-navo ko‘tarilishi bilan bog‘liq zanjirni keltirib chiqarishi mumkin. Shu sababli bunda yirik inflyatsiyaga olib kelmaydigan aqlli siyosat yuritish talab etiladi. 

Umuman olganda, aytish mumkinki, 2018 yil rejalarimizni qog‘ozdan haqiqiy amaliyotga ko‘chirish yili bo‘ladi. Bu ichki va tashqi siyosatga taalluqli. 2017 yil vazifalarni aniqlab olish yili bo‘ldi, deyish mumkin. Endi bu vazifalar aniq. Shunga ko‘ra, 2018 yil ayni vazifalarni hayotga tatbiq etish talab etiladi. Bu borada mamlakat aholisi va xorijiy hamkorlarni olib borilayotgan ishlardan o‘z vaqtida xabardor qilish ham muhim rol o‘ynaydi. 

Xorijiy investorlar va hamkorlar xususida fikr yuritgan prezident, to‘liq ishonmayotganlari, ularning kuzatayotgani haqida ta'kidlagan edi. 

Bunda, bizning ham, diplomatik korpusimiz va boshqa mutasaddi idoralarning ham aybi bor. Bundan tashqari, yetarli darajada ochiq, shaffof bo‘lmaganimiz va OAV vakillari bilan muloqotga e'tibor bermaganimiz sababdir. Shuning uchun ham bu yil biz kamchiliklarimizni to‘g‘rilashga, sizlar bilan ko‘proq muloqotda bo‘lishga va'da beramiz”, - dedi Sodiq Safoyev. 

Top