16:48 / 16.01.2018
16510

Sodiq Safoyev: Konvertatsiya jiddiy bahs-munozaralardan keyin joriy qilindi

Foto: KUN.UZ

Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyevning ma'lum qilishicha, O‘zbekiston milliy valyutasining erkin konvertatsiyasini joriy qilishdan avval eng yuqori darajada muhokamalar bo‘lgan. Safoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan matbuot brifingida shu haqda ma'lum qildi. 

“Murojaatnoma 2017 yildagi faoliyatga o‘ziga xos yakun bo‘ldi. Albatta, o‘tgan yil mobaynida juda ko‘p narsa qilindi. Davlat boshqaruvi tizimida jiddiy keskin o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. U shaffof va xalqqa hisobot beradigan bo‘lyapti. 

Albatta, islohotlarning asosiy iqtisodiy sohada amalga oshirilayapti. Ichki va tashqi sarmoyadorlar, hamkorlar bu jarayonni katta qiziqish bilan kuzatmoqda. Iqtisodiyotdagi jiddiy o‘zgarishlar keskin tebranishlarga sabab bo‘lishidan xavotirlar bildirilgandi. Bunda jon bor. Haqiqiy islohotlar hech qachon bir tekis kechmaydi. Ular kimningdir manfaatlariga zid keladi. 

Shunga qaramay, ko‘p narsaga erishish mumkin bo‘ldi. O‘zbekiston tobora eksportga yo‘nalgan mamlakatga aylanib bormoqda. Valyuta bozori liberallashuvi mamlakat oltin-valyuta zaxiralarini tugatadi, degan fikrlar bildirilgandi. Biroq amalda eksport-import amaliyotlarida ijobiy saldoga erishildi. Bu salkam 854 mln dollardir”, - dedi Sodiq Safoyev.

U, shuningdek valyuta bozorini liberallashtirish qarori ham osonlikcha qabul qilinmagani, jiddiy muhokamalar bo‘lganini bildirdi. 

“So‘mni erkin konvertatsiya qilish rejasi, tan olish kerak, eng yuqori darajadagi jiddiy bahs-munozaralardan so‘ng joriy etildi. Uning oqibati yomon bo‘lishini, xaosga olib kelishini bildirganlar ham bo‘ldi. Shunga qaramay, bu moliyaviy amaliyotning tarafdorlarining fikrlari, vaziyatni diqqat bilan tahlil qilish, bu borada xalqaro ekspertlarning maslahatlarini ham olish va konvertatsiyaga jiddiy tayyorgarlik ko‘rish ijobiy samara berdi. Buning natijasida oltin-valyuta zaxirasi 1,1 mlrd dollar o‘sishiga olib keldi”, - dedi Senat raisi birinchi o‘rinbosari.

Top