12:26 / 17.01.2018
26799

«Captiva» sabab emas». Prezidentdan sovg‘a olgan Alisher Qurbonov nega Qoraqalpog‘istonda qolgani haqida

Foto: Kruz.uz

Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yilning 15-16 dekabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi doirasida Germaniyada 11 yil davomida o‘qib, ishlagan fan doktori Alisher Qurbonovga «Captiva» avtomobilini sovg‘a qilgani ancha shov-shuv bo‘lgan edi.

Kruz.uz nashri Qorao‘zak tumanidagi «Panaev farms» fermasiga tashrif buyurib, A.Qurbonov bilan suhbatlashdi.

«Germaniyada 11 yil davomida ham o‘qib, ham ishladim. Dissertatsiyamni nemis tilida yoqladim. O‘tgan yili uyga dam olishga kelganimda, Qutlimurat aka (Panayev) meni shu yerda qolib, ishlashimni so‘radilar. Buning uchun menga barcha zarur sharoitlarni yaratib berdilar. Ferma ichida uy qurib berdilar. Biroq men bitta joyda uzoq vaqt qolib ketsam, ancha qiynalaman. Doimiy harakatda bo‘lishga o‘rganib qolgan edim. Shu bois 19 dekabr kuni yana Germaniyaga ketishga qaror qildim va 6 oy ishlab, keyin yana fermaga qaytmoqchi edim. 15 dekabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuv hayotimni butunlay o‘zgartirib yubordi. Menga “Captiva” avtomobilini sovg‘a qilishlari hatto tushimga ham kirmagandi. Prezident bilan uchrashuvdan so‘ng men Qoraqalpog‘istonda qolishim kerak ekanini tushundim. Yo‘q, bunga Captiva sabab emas. Prezident ishonch bildirdimi, demak uni oqlashim kerak. Xalqimga nafim tegishi kerak. Shundan so‘ng har kuni kamida 2-3 ta fermer fermaga tashrif buyurib, ish jarayonlarimiz bilan o‘rganmoqda».

Kruz.uz

Alisher Qurbonov «Captiva» sovg‘asini olganidan so‘ng bildirilgan salbiy fikrlar haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

“Prezident “Captiva” berganidan so‘ng, ijtimoiy tarmoqlarda turli insonlar o‘zi Germaniyada ishlagan bo‘lsa, unga “Captiva” berishning nima keragi bor yoki shunga o‘xshash tanqidiy fikrlarni bildirishgan. Hatto ayrim insonlar telefon qilib “Jinnimisan, Germaniyada ishlab yuravermaysanmi, nima qilasan qaytib”, deb aytishdi. Biroq har bir inson o‘z yurtida ishlashni xohlaydi.

Kruz.uz

Bilasizmi, Germaniyada ishlayotgan hamyurtlarimiz ko‘plab topiladi. Ular ham yurtimizga qaytib, shu yerda ishlashni xohlashadi, albatta. Biroq ular ham uy olish uchun pul to‘plashadi, kunni kun demay, tunni tun demay ishlashadi. Agar ularga ham yurtimizda yaxshi imkoniyat yaratib berilsa, qaytishga tayyorlar».

Top