11:37 / 17.01.2018
13174

Matbuot va axborot agentligi rahbari KUN.UZ tahririyatiga tashrif buyurdi

O‘zbekiston matbuot va axborot  agentligi bosh direktori Laziz Tangriyev KUN.UZ tahririyatiga tashrif buyurdi.

O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalari, axborot almashish, matbuot, noshirlik, matbaa va axborot-kutubxona faoliyati sohasida davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish hamda kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblangan Matbuot va axborot agentligi rahbari bilan KUN.UZ vakillari va ijodiy jamoasi ishtirokida davra suhbati tashkillashtirildi.

Davra suhbati davomida bugungi internet-jurnalistikasining yutuq va kamchiliklari, muammolari haqida fikr almashildi. Elektron OAVni rivojlantirish, uni haqiqiy, milliy qadriyatlarimizga mos ravishda taraqqiy topishi uchun qilinishi lozim bo‘lgan ishlar borasida takliflar o‘rtaga tashlandi.

O‘zbekiston milliy jurnalistikasining qariyb 150 yillik o‘tmishi, uni bosib o‘tgan yo‘li va hozirgi kundagi holati tanqidiy muhokama qilindi. Internet-nashrlarining davlat tashkilotlari manbalari bilan ishlashdagi muammoli vaziyatlar, ixtisoslashgan sohalardagi mutaxassislarning yetishmasligi dolzarb masalalardan biri ekani alohida qayd etildi.

Kelgusida O‘zbekiston elektron nashrlari orasida davra suhbatlarini tashkil qilish, dolzarb masalalarni muhokama qilish va fikr almashish bo‘yicha muntazam yig‘ilishlar tashkil qilish maqsadida maxsus assotsiatsiya yoki internet nashrlari klubini tuzish bo‘yicha taklif o‘rtaga tashlandi.
 

Mavzuga oid
Top