17:25 / 17.01.2018
16185

Jazoni ijro etish muassasalarida uzoq muddatli uchrashuvlarga xonalar taqdim etganlik uchun tariflar belgilandi

Adliya vazirligida jazoni ijro etish muassasalarida uzoq muddatli uchrashuvlarga xonalar taqdim etganlik uchun tariflar davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda vazirlikning ijtimoiy tarmoqdagi «Huquqiy axborot» kanalida xabar berilgan.

Unga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligining jazoni ijro etish muassasalarida uzoq muddatli uchrashuvlar uchun xonalar taqdim etilganda quyidagi miqdorlarda to‘lov undiriladi:

2 kishilik xonaga sutkalik to‘lov uchun – eng kam ish haqining 5 foizi (bugungi kunda – 8 612 so‘m);

3 kishilik xonaga sutkalik to‘lov uchun – eng kam ish haqining 10 foizi (bugungi kunda – 17 224 so‘m);

4 kishilik xonaga sutkalik to‘lov uchun – eng kam ish haqining 15 foizi (bugungi kunda – 25 824 so‘m).

Shuningdek, mazkur Tariflar asosida quyidagi shaxslardan to‘lovlar undirilmaydi:

mahkumlardan;
16 yoshgacha bo‘lgan (shu jumladan 16 yoshga to‘lgan) bolalardan (agar bolalar boshqa katta yoshdagi shaxslar bilan birga kelmagan bo‘lsa);
I-guruh nogironligi bo‘lgan shaxslardan;
kam ta'minlangan oilalardan bo‘lgan shaxslardan.

Ushbu Tariflar Ichki ishlar vazirligining rasmiy veb-saytida hamda jazoni ijro etish muassasalarida uzoq muddatli uchrashuvlarga kelgan shaxslar uchun qulay va ko‘rinadigan joylarga joylashtiriladi.

Hujjatning to‘liq matni bilan Lex.uz’da tanishish mumkin.

Top