08:48 / 18.01.2018
5063

Yaponiya orbitaga o‘z sun'iy yo‘ldoshini olib chiqdi

Foto : Kyodo

Yaponiyaning qattiq yonilg‘ida ishlovchi “Epsilon-3” raketasi fazoga uchirilgandan bir soat o‘tgach “ASNARO-2” tijorat sun'iy yo‘ldoshini orbitaga olib chiqdi. Bu haqda “Kiodo” axborot agentligi xabar berdi

Sun'iy yo‘ldosh 513 km balandlikdagi orbitaga olib chiqilgan. NEC kompaniyasining ushbu qurilmasi Yer sirti ortidan kuzatuv olib boradi. 

Yuqori texnologik sun'iy yo‘ldosh o‘lchami 1 metr keladigan buyumni aniqlab, uning tasvirini aniq uzata oladi va boz ustiga, buni qorong‘i va tuman sharoitida amalga oshira oladi. Sun'iy yo‘ldosh tabiiy fojialarda ham qo‘llanishi mumkin.

Ushbu ixcham raketa o‘z sinfida uchinchisi bo‘ldi. U o‘zidan takomillashgan modelni aks ettiradi: unda sun'iy yo‘ldoshning ajralish texnologiyasi yaxshilangan, bu esa unga tushadigan yuklamani kamaytiradi hamda uning holatini to‘g‘rilash imkoniyati ko‘zda tutilgan. Bu sinfdagi raketalarning asosiy ustunliklari uch tamoyilga asoslangan: “vaqtni tejash”, “qurilma va mablag‘larni tejash”, “inson resurslarini tejash”. Yapon olimlari ushbu raketani aynan shu tamoyillar asosida 12 yil davomida loyihalashgan.   

Uch pog‘onali, uzunligi 26 metrlik raketa hozirda qo‘llanuvchi N2A raketasidan 2 marta ixchamroq va mablag‘, inson ish kuchi borasida ancha tejamkor. Raketa sun'iy ong funksiyasi bilan jihozlangan. Buning evaziga raketaning uchishga tayyorligini tekshirish va uchishini nazorat qilish avtomatik ravishda amalga oshiriladi va deyarli inson aralashuvini talab qilmaydi. Raketa parvozi 2 ta kompyuter orqali boshqariladi, vaholanki N2A parvozini boshqarish bilan 80 kishi mashg‘ul bo‘ladi.

Top