08:00 / 18.01.2018
20042

«Barselona»ning mag‘lubiyatsiz seriyasiga yakun yasaldi

Ispaniya Kubogining chorak finali doirasidagi ilk uchrashuvda «Espanol» «Barselona»ni mag‘lubiyatga uchratdi. Barselonadagi «RKDE — Kornelya-El Prat» stadionida kechgan derbi bahsi maydon egalarining 1:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.

O‘yinning 62-daqiqasida Aleyks Vidal «Espanol» jarima maydoniga to‘pni uzatganida, to‘p uchun kurash vaqtida Esteban Granero Serxi Robertoni qo‘pollik bilan to‘xtatib qoldi. O‘yin hakami Rikardo Bengoechea esa «nuqta»ni ko‘rsatdi. Ammo Lionel Messi burchakka bergan zarbani Diyego Lopes qaytarib qoldi.

88-daqiqada esa Mark Navarroning pasini Oskar Melendo to‘xtatmasdan darvoza to‘riga yo‘lladi - 1:0.

Shu tariqa, «Barselona»ning La Ligadagi 21 uchrashuvdan iborat (barcha turnirlar qo‘shib hisoblanganda 29 uchrashuv) mag‘lubiyatsiz seriyasiga Kataloniya derbisida yakun yasaldi. 

«Barselona» oxirgi marta 2017 yil avgustida yutqazgandi, o‘shanda Ispaniya Superkubogida «Real»ga ikki uchrashuv boy berilgan (0:2, 1:3).

«Espanol» «Barselona»ni 2009 yildan buyon ilk marta yengdi.

1/4 finalning javob uchrashuvi 25 yanvar kuni «Barselona» maydonida bo‘lib o‘tadi.

Ispaniya Kubogi
1/4 final
Birinchi o‘yinlar

Espanol – Barselona 1:0 (0:0, 1:0)
Gol: 1:0 – 88 Melendo.
Espanol – Lopes, Duarte, Naldo, Karikol (Vila, 58), Lopes Silva, Granero, Sanches, Xavi Fuego (Melendo, 75), Darder (Baptistao, 46), Mark Navarro, Moreno.
Barselona – Sillessen, Vermalen, Pike, Din, Aleish Vidal, Alenya (Suares, 59), Serdji Roberto, Buskets, Paulino (Rakitich, 54), Denis Suares (Rafinya, 78), Messi.
Ogohlantirishlar: Karikol (43), Alenya (45), Alba (55), Moreno (61), Rakitich (82), Vermalen (84), Sanches (86), Lopes Silva (90), Suares (90).

Top