22:00 / 19.01.2018
15051

BAA hukumati Qatar shayxini o‘z joniga qasd qilgudek holatga yetkazdi – OAV

Qatar va bir necha arab davlatlari o‘rtasidagi diplomatik inqiroz bo‘yicha muzokaralarda vositachilik qilgan Qatar shayxi Abdulloh bin Ali Ol-Soniy BAA hududida bo‘lganda o‘z joniga qasd qilgudek holatga solingan. U BAAda bo‘lganda bir necha kun davomida zo‘ravonlik bilan ushlab turilgan. Bu haqda shayx audioyozuvda so‘zlab bergan. Audioyozuv Al Jazeera telekanali tomondan e'lon qilindi. 

Jurnalistlarning ma'lum qilishicha, audioyozuv 15 yanvarda yozilgan. Unda shayx BAA hukumati unga “qattiq bosim” o‘tkazganini aytgan. Shayx bunga chidolmay, hattoki o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan.  

Ta'kidlanishicha, 14 yanvarda Qatar shayxi BAAning valiahd shahzodasi uni zo‘ravonlik bilan ushlab turishda ayblagan videoyozuvni e'lon qilgan. “Men hozir Abu-Dabidaman, meni bu yerda shayx Muhammadnikida joylashtirishgan. Biroq bu joylashtirish emas, asirga olishdir. Ular menga ketishni taqiqlashyapti”, deb aytgan Qatar shayxi. Shayxning bu so‘zlarini BBC keltirib o‘tgan.

Shayx agar u bilan BAAda nimadir yuz bersa, bunga Qatar hukumati aloqador bo‘lmasligini aytgan.

BAAda shayxning ayblovlari inkor etilgan. Abu-Dabuning ekstremizmga qarshi kurashish markazi boshlig‘i Ali Rashid al-Nuyaymiy tvitterda Qatar shayxi “istagan joyiga ketishi mumkinligini” aytgan.

Audioyozuvda Ol-Soniy o‘tgan yilgi diplomatik inqiroz BAA va Saudiya Arabistoni Qatar boyliklarini egallab ololishlari uchun ataylab uyushtirilganini ma'lum qilgan.

“Diplomatik inqiroz Muhammad bin Zayd (Abu-Dabi valiahd shahzodasi) va Muhammad bin Salmonning (Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi) Qatar boyliklarini egallab olish istagi oqibati bo‘lgan. Men fuqarolarimni o‘z shahzodalariga sodiq bo‘lib qolishga chaqiraman. Ular o‘z davlatingizni yo‘q qilishingiz uchun sizni pul bilan aldashga harakat qilishadi”, deb aytgan Ol-Soniy.

17 yanvarda Qatar shayxi BAAdan Kuvaytga yetkazilgan. U bu yerda shoshilinch ravishda shifoxonaga yotqazilgan. Shayx ukasining aytishicha, shayxning sog‘lig‘i oriqlab ketishi va unga o‘tkazilgan bosim sababli yomonlashgan. Hozir shayxning sog‘lig‘i barqarorlashib, u yaqin kunlarda uyiga qaytishi mumkin bo‘ladi.

 

Top