16:09 / 19.01.2018
7880

O‘zbekiston dunyodagi eng mashhur ko‘rgazmalardan birida qatnashmoqda

2018 yilning 19 yanvar kuni Berlin shahrida «Yashil haftalik - 2018» xalqaro ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston delegatsiyasiga qishloq va suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Otabek Mustafoyev boshchilik qilmoqda. Delegatsiyadan qator tumanlar hokimlari, yong‘oq ishlab chiqaruvchi va eksport qiluvchilar hamda asalarichilar assotsiatsiyalari rahbarlari o‘rin olgan. 

O‘zbekiston Respublikasi «Yashil haftalik - 2018» xalqaro ko‘rgazmasida 224 kvadrat metrlik maydondagi milliy stend bilan qatnashmoqda, u yerda «O‘zbekoziqovqatxolding» XK, «O‘zvinosanoat-xolding» AJ, «O‘zdonmahsulot» va «O‘zagroeksport» korxonalari mahsuloti taqdim etildi. «O‘zekspomarkaz» AJ MXK O‘zbekiston Respublikasining «Yashil haftalik - 2018» ko‘rgazmasidagi ishtiroki koordinatori hisoblanadi.

Internationale Grüne Woche (Xalqaro yashil haftalik) – oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi va bog‘dorchilik mahsulotlari yarmarkasi bo‘lib, u 80 yildan ortiq vaqt davomida jahondagi eng mashhur ko‘rgazmalardan biri sanaladi. Bu yil ko‘rgazmaga 400 ming kishi tashrif buyurishi kutilmoqda.

«Yashil haftalik - 2018» xalqaro ko‘rgazmasi 28 yanvarga qadar davom etadi.

Top