09:00 / 20.01.2018
35585

O‘zbekistonda «qizil» va «yashil» yo‘laklar qanday ishlamoqda? (video) ​

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2017 yil 6 dekabrda «Jismoniy shaxslar tomonidan naqd xorijiy valyutani olib kirish va olib chiqib ketish tartibini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» PF-5276 sonli farmoni qabul qilingandi.

Farmonga asosan, 2018 yil 1 yanvardan boshlab jismoniy shaxslar tomonidan ekvivalenti 2 000 AQSh dollariga teng yoki undan oshmaydigan miqdordagi naqd xorijiy valyutani O‘zbekistonga olib kirish yoki O‘zbekistondan olib chiqib ketishda yozma ravishda majburiy deklaratsiya taqdim etish tartibi bekor qilindi.

Shuningdek, jismoniy shaxslar tomonidan naqd xorijiy valyutani O‘zbekistondan tashqariga olib chiqib ketish ekvivalentda 5 000 (besh ming) AQSh dollariga teng yoki undan oshmaydigan summa doirasida hech qanday ruxsatnomalarsiz amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi.

Ruxsat etilgan summadan oshiq mablag‘ni mamlakat hududidan olib chiqish uchun Markaziy Bank ruxsatnomasi talab etiladi.

Belgilangan summadan ortiqcha mablag‘ni olib chiqib ketish:

rezidentlar tomonidan – O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining ruxsatnomasi asosida;

norezidentlar tomonidan – O‘zbekiston Respublikasiga kirish chog‘ida to‘ldirilgan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi asosida amalga oshiriladi, deklaratsiyada naqd xorijiy valyuta summasi olib chiqib ketiladigan naqd xorijiy valyuta summasidan kam bo‘lmagan miqdorda ko‘rsatiladi.

Norezidentlar – respublikada belgilangan tartibda tashkil qilingan musobaqalar, tanlov va olimpiadalarning sovrindorlari yoki qatnashchilari tomonidan belgilangan summadan ortiqcha naqd xorijiy valyuta olib chiqib ketilayotganda naqd xorijiy valyuta olinganligining qonuniyligini tasdiqlovchi hujjat ular tomonidan ushbu naqd xorijiy valyutani olib chiqib ketish uchun asos bo‘ladi.

Kun.uz muxbiri ana shu o‘zgarishlarga muvofiq O‘zbekistondagi barcha xalqaro aeroportlarda ishga tushgan «qizil» va «yashil» yo‘laklar faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga tashrif buyurdi. Video lavhasini quyida tomosha qilishingiz mumkin.

Youtube'da ko‘rish

Mover.uz'da ko‘rish

Top