00:40 / 23.01.2018
11406

Shavkat Mirziyoyev Belarus prezidentini O‘zbekistonga taklif qildi

2018 yilning 21 yanvar kuni O‘zbekiston va Belarus Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 25 yil to‘lishi munosabati bilan ikki davlat rahbarlari bir-birlarini qutlashdi.

"Belarus Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 25 yil to‘lishi munosabati bilan tabriklarimni qabul qilgaysiz", deb yozadi Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko.

Belarus rahbari o‘z maktubida Belarus – O‘zbekiston hamkorligi ko‘p muhim yo‘nalishlarda izchil rivojlanib borayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etgan. Lukashenko o‘zaro anglashuv, ishonch va hurmatga asoslangan davlatlararo amaliy muloqot bundan keyin ham mamlakatlarimizni barqaror rivojlantirish hamda belarus va o‘zbek xalqlarining farovonligi yo‘lida mustahkamlanishda davom etishiga ishonch bildirgan.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z maktubida mustahkam do‘stlik rishtalari, o‘zaro hurmat va qo‘llab-quvvatlash, umumiy manfaatlarni hisobga olish tamoyillariga asoslangan O‘zbekiston – Belarus hamkorligining bugungi darajasini mamlakatimiz yuksak qadrlashini ta'kidlagan.

"Birgalikdagi sa'y-harakatlarimiz va ko‘p qirrali hamkorligimizni kengaytirishga bo‘lgan o‘zaro intilish tufayli biz qisqa fursatda aniq natijalarga erishdik", deyiladi maktubda.

"O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, uni aniq amaliy mazmun bilan boyitish uchun oldimizda hamkorligimizning mavjud salohiyatini to‘liq ishga solishdek muhim vazifa turibdi, – deya qayd etgan davlat rahbari. – Shu ma'noda, Sizning O‘zbekistonga tashrifingizni intizorlik bilan kutyapmiz. Bu bizga o‘zaro munosabatlarimizning barcha jihatlarini har tomonlama muhokama qilish, shuningdek, yaqin yillarga mo‘ljallangan hamkorligimizning istiqbolli yo‘nalish va loyihalarini belgilab olish imkonini berishi shubhasiz".

Top