20:20 / 04.09.2023
7466

Maktab o‘quvchilarining taomnomasi qanday bo‘lishi kerakligi haqida ma’lumot berildi 

Taomnomadan go‘sht va go‘sht mahsulotlari, sut va sut mahsulotlari, oziq-ovqat yog‘lari, qandolatchilik mahsulotlari, sabzavotlar va boshqa mahsulotlar o‘rin olishi lozim. 

Foto: RIA Novosti

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi bosh mutaxassisi Go‘zal Muhamedova o‘quvchilar uchun asosiy oziq-ovqat mahsulotlari yuzasidan tavsiyalarini berib o‘tdi. 

Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida o‘quvchilarning xavfsiz va sog‘lom ovqatlanishini tashkil etish «Umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida o‘quvchilar ovqatlanishini tashkil etishning sanitariya-epidemiologik talablari» sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari asosida tartibga solinadi. 

Unga ko‘ra, maktab o‘quvchilarining taomnomasi quyidagicha bo‘lishi kerak: 

- Go‘sht va go‘sht mahsulotlari (I kategoriyali mol go‘shti, buzoq go‘shti, yog‘siz qo‘y go‘shti (haftada 1-2 martadan ko‘p emas), parranda go‘shti, kurka, quyon go‘shti; baliq; tovuq tuxumlari omlet yoki qaynatilgan holda); 

- Sut va sut mahsulotlari (sut), pasterizatsiyalangan, sterillangan, quruq; quyultirilgan sut, quyultirilib-pishirilgan sut; tvorog; o‘tkir bo‘lmagan turdagi pishloq; termik qayta ishlanganidan so‘ng qaymoq; kefir (qattiq); yogurtlar; qizaribroq ivigan qatiq, qatiq, bifidok va boshqa sut mahsulotlari; qaymoq; 

- Oziq-ovqat yog‘lari (sariyog‘; o‘simlik yog‘i; salatlar, vinegretlar, seld balig‘i, ikkinchi taomlar salat yog‘i; margarin pishiriqlar uchun); 

- Qandolatchilik mahsulotlar (konfetlar (zefir, qiyom, marmelad ma’qul), shokolad haftasiga bir martadan oshmasligi kerak; qotirilgan kulcha non (galeta), pishiriq, kreker, vafli, keks (ta’m beruvchi moddalarsiz); pishiriqlar, tortlar (uvalanadigan xamirli va biskvitli, kremsiz); qiyom, murabbo, povidlo, korxonada qadoqlangan asal); 

- Sabzavotlar (kartoshka, karam, gulkaram, sabzi, lavlagi, bodringlar, pomidorlar, qovoqcha (kabachki), kulchaqovoq (patisson), piyoz, sarimsoq (kichik maktab yoshidagi bolalar uchun cheklangan miqdorda), petrushka (kashnichsimon ko‘kat), shivit, selderey (kashnichsimon oshko‘k), tomat pastasi, tomat-pyure); 

- Mevalar (olma, nok, olxo‘ri, uzum, va bananlar; har kimning iste’mol qila olish qobiliyatiga qarab sitrusli (apelsin, mandarin, limon); quritilgan mevalar); 

- Dukkaklilar (no‘xat, loviya, soya, mosh); 

- Sharbat va ichimliklar imkon qadar kichik qadoqda; konservantlarsiz va qo‘shimcha moddalarsiz ishlab chiqarish turidagi vitaminli ichimliklar; kakao, choy; ichimlik suv; 

- Konservalar (go‘shtli konserva; konserva ovqatlari (go‘shtli suyuq ovqat (rassolnik), mol go‘shtli karam sho‘rva, mol go‘shtli grechka kabi tabiiy mahsulotlar bo‘lmaganda istisno tarzida); losos (qizil go‘shtli baliq), sayra yog‘da, qovurilgan skumbriya balig‘i; sharbatlar, meva bo‘laklari, baqlajon va qovoqcha ikrasi; sterillangan pomidor va bodringlar; 

- Non, yorma, makaron mahsulotlari — barcha turlari cheklanmagan miqdorda. 

«Maktab o‘quvchilari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzining asosi sifatida sog‘lom ovqatlanishga doir keng tushuntirish ishlari olib borilishini tashkil etish, o‘quvchilarning sifatli va sog‘lom oziq-ovqatlar bilan ta’minlanishini nazorat qilish sog‘lom avlod shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi», deyiladi xabarda. 

Top