17:47 / 30.04.2024
13527

MIB talablari bilan hisoblashmayotgan sug‘urtachilar – “olarda kirar jonim, berarda chiqar jonim”mi?

O‘zbekistonda YTH oqibatida shikast yetgan transport vositasi uchun sug‘urta kompaniyasidan sug‘urta to‘lovi undirib olish oson ish emas. Shu sababli, ovoragarchilikka vaqt sarflab o‘tirishni istamaganlar sug‘urta to‘lovidan ixtiyoriy voz kechib, qo‘l siltab qo‘ya qolishadi. Qo‘l siltamaganlar esa sun’iy kuttirish hisobiga shunga majbur qilinadi. Bu orada aybdorlar MIBning “changali”ga ilinib, yo‘q joydan otning kallasiday jarima ham to‘laydi. Shunday holatni “Kapital sug‘urta” kompaniyasi bilan bog‘liq bir keysda ko‘rib chiqamiz.

Foto: Kun.uz

YTH oqibatida mashinasiga shikast yetgani uchun sug‘urta to‘lovini undirish qanchalar qiyin ekanligini bu ish boshiga tushganlar yaxshi bilishadi. Agar mashina boshqa bir mashina bilan to‘qnashib ketgan bo‘lsa va ish sudda ko‘rilib, yetkazilgan zararni undirish ijro uchun MIBga o‘tgan bo‘lsa, bu ovoragarchilik ikki hissa oshadi.

Ya’ni MIB tomonidan qarzdorga to‘lovni ixtiyoriy to‘lash uchun ma’lum bir vaqt beriladi. Qarzdor sug‘urta kompaniyasidan umidvor bo‘lib, ularga murojaat qiladi. Ayni shu nuqtada sug‘urta kompaniyasining to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirib bermasdan kuttirishi (sarson qilishi desa ham xato bo‘lmaydi) Majburiy ijro byurosi talablariga mos kelmaydi: MIBning “soat strelkasi” aylanaveradi, sug‘urta kompaniyasi esa erta-indin deya cho‘zib yuraveradi, o‘rtada haydovchi sarson, kamiga otning kallasiday jarima ham naqd.

Fuqaro Azimjon Abdusalomov 2024 yilning 29 fevral kuni soat 11:00lar atrofida Cobalt  mashinasini Toshkent shahar Yakkasaroy tumani Sh.Rustaveli ko‘chasi bo‘ylab boshqarib, YTHga uchraydi. U bir yo‘nalishda harakatlanib borayotgan Lacetti mashinasini bilan to‘qnashuv sodir qilgan. YTH oqibatida hech kim tan jarohati olmagan. Faqat baholash hisobotiga ko‘ra, Lacetti mashinasiga 8 mln 328 ming so‘mlik zarar yetgan. 

Mazkur ish 2024 yil 7 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudida ko‘rib chiqilgan. Sud qarori bilan Azimjon Abdusalomov BHMning 5 baravari (1,7 mln so‘m) miqdorida jarimaga tortilgan va undan Lacetti mashinasi egasiga 8 mln 828 ming so‘m moddiy zarar undirish belgilangan.

Azimjon Abdusalomov boshqaruvidagi Cobalt avtomobili “Kapital sug‘urta” kompaniyasi tomonidan transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risidagi qonun talabi bo‘yicha 2023 yil 13 iyun kuni elektron tarzda sug‘urtalangan bo‘lgan.

Ish bo‘yicha sud qarori chiqqach, 2024 yilning 12 mart kuni sug‘urta kompaniyasiga zararni qoplab berish yuzasidan ariza bilan murojaat qilingan. Ammo oradan qariyb 2 oy o‘tganiga qaramasdan sug‘urta kompaniyasi sug‘urta to‘lovini to‘lab bermasdan kelmoqda.

Bu vaqtga kelib esa sud qarori asosida MIB tomonidan ijro harakatlari boshlangan. Kamiga qarzdorga qariyb 450 ming so‘m ijro yig‘imi qo‘llanilgan va unga BHMning 5 barobaridan 10 barobarigacha miqdorida jarima xavf solmoqda.

Kun.uz muxbiri kompaniya matbuot xizmati bilan bog‘lanib, vaziyatga oydinlik kiritishga, sug‘urta to‘lovini to‘lab berishni tezlashtirish imkoni bor-yo‘qligini aniqlashga harakat qildi. Holatga aniqlik kiritishni va’da qilgan matbuot kotibi tahririyat bilan qaytib bog‘lanmadi, keyin unga qilingan qo‘ng‘iroqlarni esa javobsiz qoldirdi.

Aslida tartib qanday bo‘lishi kerak?

Haydovchi va sug‘urta kompaniyasi o‘rtasidagi munosabatlarni asosan “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish” to‘g‘risidagi qonun tartibga soladi.

Mazkur qonunning 23-moddasida sug‘urta tovonini to‘lash tartibi qayd etilgan. Unga ko‘ra sug‘urta tovonini to‘lash sug‘urtalovchi sug‘urta tovonini to‘lash to‘g‘risida qaror qabul qilgan kundan e’tiboran besh ish kunidan kechiktirmay amalga oshirilishi kerak. Sug‘urtalovchining sug‘urta tovonini to‘lashni rad etish to‘g‘risidagi yoki uni to‘lash haqidagi qarori sug‘urta qildiruvchiga u sug‘urta tovoni to‘lash to‘g‘risida yozma murojaat etganidan keyin o‘n besh kundan kechiktirmay xabar qilinishi kerak va tovon to‘lash rad etilganda, qarorda rad etishning asoslantirilgan sabablari ko‘rsatilishi lozim.

Agar sug‘urta tovonini to‘lash belgilangan muddatda amalga oshirilmagan bo‘lsa, sug‘urtalovchi jabrlanuvchiga sug‘urta tovoniga qo‘shimcha ravishda, sug‘urta tovonini to‘lash to‘g‘risida qaror qabul qilingan kundagi bank foizining hisob stavkasidan kelib chiqqan holda penya to‘laydi.

Yuqoridagi holatda jabrlanuvchi “Kapital sug‘urta” kompaniyasiga 2024 yilning 12 mart kuni sug‘urta tovoni to‘lash to‘g‘risida yozma murojaat qilgan. Demak, qonun talabidan kelib chiqiladigan bo‘lsa, “Kapital sug‘urta” kompaniyasi unga 2 aprel kunidan kechikmasdan to‘lovni amalga oshirishi kerak edi. Ammo kompaniya bugungi kunga qadar to‘lovni amalga oshirmagan. 

Bu respublikada YTHga uchrab, sug‘urta to‘lovi ololmay yurilgan birgina holat xolos. Azimjon Abdusalomov kabi sarson bo‘layotganlar yuzlab, minglab bo‘lishi mumkin. Bu kabi ovoragarchiliklarning oldini olish uchun qonunchilik takomillashtirilib, YTH holatlarida jabrlanuvchi tomon ham bo‘lsa yetkazilgan zararni to‘g‘ridan to‘g‘ri sug‘urta kompaniyasidan undirish (sug‘urta to‘lovidan ortiqcha qismini aybdordan) imkoniyati yaratilishi zarur.

Buning uchun sudlar zarar undiruvida e’tiborni huquqbuzarga emas, sug‘urta kompaniyasi zimmasiga yuklash masalasiga qaratsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Shunda fuqarolarning aziyat chekishi oldi olinib, keyingi munosabatlarga tegishli sug‘urta kompaniyasi va MIB o‘zaro oydinlik kiritib olgan bo‘lar edilar.

Sug‘urta kompaniyalarini kim nazorat qiladi?

Prezidentning 2023 yil 2 sentabrdagi “Kapital bozorini rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan sug‘urta tashkilotlari faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga yuklatilgan.

Agentlik tarkibida sug‘urta bozorini rivojlantirish departamenti, sug‘urta bozorini tartibga solish boshqarmasi hamda sug‘urta bozori ishtrokchilari faoliyatini litsenziyalash bo‘limi bor.

Kun.uz muxbiri sug‘urta bozori va yuqoridagi holatga doir bir nechta savollar bilan Istiqbolli loyihalar milliy agentligi matbuot xizmatiga murojaat qildi. Avvaliga savollarga tez kunda javob qaytarishni aytgan agentlik matbuot kotibi bir necha kundan so‘ng tahririyat bu borada agentlikka rasmiy xat bilan chiqishi zarurligini bildirdi.

Agentlikning 2023 yil hisobotida keltirilishicha, o‘tgan yilning sentabr-dekabr oylarida sug‘urta faoliyatiga doir qonunchilik talablarini buzganlik uchun bitta sug‘urta tashkilotining litsenziyasi 6 oy muddatga, 2 ta sug‘urta tashkilotining litsenziyalari esa 10 kunga to‘xtatilgan.

2024 yilning yanvar oyida “Kapital sug‘urta” AJ ham qonunchilik hujjatlarida belgilangan me’yorlarga rioya qilmaganlik fakti bo‘yicha 162 mln so‘m miqdorida jarimaga tortilgan hamda litsenziyasi 10 kun muddatga olib qo‘yilgandi

Ruslan Saburov,
Kun.uz
 

Tahririyat shu kabi muammolarga uchraganlar Kun.uz’ga murojaat qilishlari mumkinligini ma’lum qiladi: @kunuzmurojaat

Mavzuga oid
Top