14:14 / 01.05.2024
15417

«Dahshatli zo‘ravonlik harakatlari». Politsiya Kolumbiya universitetini shturm qildi, Kaliforniya universitetida talabalar to‘qnashdi

Politsiyachilarning Kolumbiya universitetida o‘tkazgan reydi ortidan Kaliforniya universiteti ham diqqat markaziga tushdi, bu yerda turli qarashlardagi namoyishchilarning ikki guruhi o‘zaro to‘qnashgan.

Foto: AFP

Universitet vitse-prezidenti Meri Osako «tunda lagerda dahshatli zo‘ravonlik holatlari ro‘y bergani» va rahbariyat huquq-tartibot organlarini chaqirishiga to‘g‘ri kelganini aytdi.

Hozircha to‘qnashuvga aynan nima turtki bo‘lgani ma’lum emas, ammo, ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, namoyishchilar ikki guruhga mansub talabalar o‘rtasida «bufer zona» hosil qilgan to‘siqni ag‘darib tashlashgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgan kadrlarda odamlar falastinliklarni qo‘llayotgan talabalarning chodirlardan iborat lageriga turli buyumlar va mash’alalar uloqtirayotgani aks etgan.

Los-Anjyeles ma’muriyati shahar politsiya boshqarmasi o‘z xodimlarini universitetga yuborganini ma’lum qilgan. Politsiyachilar talabalar shaharchasi hududida yurgani aks etgan kadrlar ham tarqalgan. Los-Anjyeles politsiyasi universitet ma’muriyati «noqonuniy miting» haqida xabar berganidan keyin o‘z xodimlarini kampusga yuborganini tasdiqlagan.

Foto: ABC7

Daily Bruin gazetasi muxbiri, Kaliforniya universiteti hududida bo‘lib turgan Dilan Uinvordning ma’lum qilishicha, Isroilni qo‘llayotgan namoyishchilar mahalliy vaqt bilan soat 22:00 atrofida turli buyumlar uloqtira boshlagan — suv solingan butilkalar, mash’alalar va hatto kimningdir skuteri ham uchib kelgan. BBC muxbiri xabariga ko‘ra, havoda ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz hidi anqimoqda.

Uinvordning so‘zlariga ko‘ra, universitet qo‘riqchilari hududni tark etishgan, bufer hududni bundan buyon «xavfsiz ushlab tura olishi»ga ularning ko‘zi yetmagan.

Kolumbiya universiteti shturm qilinishi

 

Seshanba kuni kechqurun AQSh politsiyasi Nyu Yorkdagi Kolumbiya universitetining falastinliklarni qo‘llab-quvvatlab chiqqan namoyishchilar egallab olgan binolaridan birini shturm qildi.

Bir necha yuz politsiyachi binoga derazalar orqali yo‘l ochadigan harakatlanuvchi platformada «Hamilton-holl»ga kirishgan. Amerika nashrlari xabariga ko‘ra, politsiyachilar 50 nafar atrofidagi namoyishchilarni qo‘lga olishgan. Ular binodan qo‘llari bog‘langan holda olib chiqilgan va avtobuslarga o‘tqizilgan.

Bir kun oldin Isroilning G‘azo sektoridagi harakatlariga norozilik bildirgan va falastinliklarni qo‘llab-quvvatlayotgan namoyishchilar «Hamilton-holl»ni egallab olgach, universitet ma’muriyati politsiyachilarni yordamga chaqirgandi.

Universitet tomonidan huquq-tartibot organlariga yuborilgan maktubda aytilishicha, binoga bir guruh talabalar kirib kelgach, bino namoyishchilar nazorati ostiga o‘tgan. Aksiya ishtirokchilaridan biri eshikni ochib bergan va maslakdoshlarini ichkariga kiritgan.

Politsiya xabar berishicha, namoyishchilar binoda barrikada o‘rnatishgan hamda kuzatuv kameralarini sindirishgan.

Kolumbiya universiteti rahbari, politsiyaga yuborilgan maktubni imzolagan Nemat Shafiqning so‘zlariga ko‘ra, bu harakatlarga «universitetga aloqador bo‘lmagan shaxslar rahbarlik qilgan». Shafiq namoyishchilar universitetga tegishli binoda noqonuniy bo‘lib, bu yerda vandalizm bilan shug‘ullanishgan.

Nyu York shahri meri Erik Adams ham namoyishlarda Kolumbiya universiteti talabalari bo‘lmagan shaxslar ham qatnashayotgani haqida aytib o‘tgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Hamilton-holl»ni egallab olish «tashqi agitatorlar» tomonidan uyushtirilgan.

Qo‘lga olingan namoyishchilar avtobuslarga solib olib ketilgan. Foto: AFP

Ammo norozilik aksiyasi tashkilotchilaridan biri, falastinlik olim, Kolumbiya universitetida tahsil oluvchi Mahmud Xalil Reuters agentligi bilan suhbatda namoyishda begonalar yo‘qligini aytgan. «Bular faqat talabalar», — degan u.

Kolumbiya universiteti kampusida qariyb ikki haftadan buyon palatalar lageri o‘rnatilgan, bu yerda falastinliklarni qo‘llayotgan namoyishchilar yashamoqda.

Kolumbiya universiteti AQShning G‘azodagi urushga qarshi namoyishlar boshlangan ilk oliy ta’lim muassasasi bo‘lgandi.

18 aprel kuni,ushbu o‘quv muassasasi rahbari Kongressda kampus hududida antisemitizm muammosi mavjudligi to‘g‘risida ko‘rsatma berganidan so‘ng lagerdagi namoyishchilar soni keskin ortdi.

Universitet ma’muriyati politsiyadan aralashishni so‘radi, o‘tgan vaqt mobaynida 100 dan ortiq namoyishchi hibsga olindi.

Falestinliklarni qo‘llovchilar Amerikaning boshqa ko‘plab universitetlarida, jumladan Texas, Kaliforniya, Jorjiya, Shimoliy Karolina va boshqa shtatlardagi oliy ta’lim muassasalarida ham namoyishlar o‘tkazmoqda. Ushbu muassasalar kampuslarida politsiyachilar jami mingdan ortiq namoyishchilarni qo‘lga olgan.

Ammo Amerikadagi ayrim universitetlar Isroilning harakatlariga qarshi namoyishlar o‘tkazishga to‘sqinlik qilmayapti.

Kampuslarda namoyishchilar palatalardan lagerlar o‘rnatishgan, ular o‘tirgan holda zabastovka va namoyishlar qilishmoqda.

Shu bilan bir vaqtda, Amerikadagi ayrim yahudiy talabalar Irsoilning G‘azodagi harakatlarini tanqid qilish ko‘pincha antisemitizmga aylanib ketayotgani va o‘zlarini xavfsizlikda his qilmayotganidan shikoyat qilishmoqda.

Kolumbiya universitetidagi ravvin avvalroq yahudiy talabalardan kampuslardan uzoqroq bo‘lishni so‘ragandi.

Mavzu
HAMAS–Isroil urushi
7 oktyabr kuni G‘azo bo‘lgasidagi HAMAS kuchlari Isroilga yoppasiga raketa zarbalari berdi va chegaradagi aholi punktlarini egallay boshladi. Bunga javoban Isroil tashkilotga qarshi urush ochdi. Bu safargi eskalatsiya avval kuzatilmagan darajada ko‘p qurbonlarga olib keldi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top