14:25 / 13.05.2024
7815

Belgoroddagi uyda dahshatli portlash. Asosiy ma’lumotlar

Belgorodda vayronalar ostida halok bo‘lganlar soni 15 nafarga yetdi. RF mudofaa vazirligi versiyasiga ko‘ra, uyga ukrainlarning urib tushirilgan raketasi parchalari tushgan. Kiyevdagilar hodisa yuzasidan izoh bermagan.

Foto: Sputnik / Profimedia

Rossiya FVV Belgoroddagi o‘n qavatli uyning pod’yezdi xarobalari ostidan 15 kishining jasadi chiqarib olingani haqida xabar berdi. 13 may tongiga kelib Belgorodda qidiruv-qutqaruv amaliyoti va xarobalar tozalash ishlari yakunlangan.

«Qutqaruvchilar 17 kishini qutqarishga muvaffaq bo‘lishdi. Afsuski, 15 kishi halok bo‘lgan, ular xarobalar ostidan chiqarib olingan», — deyiladi vazirlik xabarida.

Bundan oldinroq qutqaruvchilar qurbonlar orasida ikki nafar bola ham borligini xabar qilishgandi.

Oblast gubernatori Vyacheslav Gladkov o‘z telegram-kanalida uyda yashovchilarning barchasi ko‘chirilgani haqida ma’lum qilgan.

«Ularning bir qismi qarindoshlarinikiga yo‘l olishgan, qolgani otishmalardan xavfsiz bo‘lgan hududdagi vaqtincha joylashtirish markaziga olib borilgan. Tibbiyot xodimlari va psixologlar ishlamoqda», — degan Gladkov.

Gubernator yakshanba tongida oblast markazi va atrofdagi hududlar Ukraina tomonidan yoppasiga o‘qqa tutilgani haqida yozgandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, snaryadlardan biri ko‘p kvartirali turar joyga kelib tushgan va jiddiy vayrongarchilikka sabab bo‘lgan.

Rossiya mudofaa vazirligi esa Belgoroddagi turar joy urib tushirilgan «Tochka-U» raketalaridan birining parchalari tushishi oqibatida shikastlanganini ma’lum qilgan.

Rossiya axborot agentliklari operativ xizmatlarga tayangan holda portlash oqibatida deyarli butun uy shikastlanganini yozishgan — Shchorsa ko‘chasidagi o‘n qavatli panelli binoda 16 kvartira yo‘q bo‘lib ketgan.

Qulash joyi ikkinchi qavatga to‘g‘ri kelgan. TASS ma’lumotiga ko‘ra, uyda jami 8 pod’yezdda 502 kvartira bo‘lgan.

Belgorod yakshanba kuni takroriy o‘qqa tutilishi oqibatida yana to‘rt kishi halok bo‘lgan va besh kishi yaralangan. Shu tariqa bir kunlik qurbonlar soni 19 nafarga yetgan.

Uy qulashi oqibatida jarohatlanganlar to‘g‘risida nimalar ma’lum?

Rossiya sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Belgoroddagi ko‘p qavatli uy pod’yezdi qulashi va qutqaruv ishlari vaqtida tom qulashi oqibatida jami 27 kishi jarohatlangan, ular federal klinikaga yotqizilgan.

Gubernator Gladkov fuqarolardan shikastlangan uy atrofida to‘planmaslikni so‘rab, bu yerda turish xavfli ekanidan ogohlantirgan.

Favqulodda xizmatlar binoning temir beton konstruksiyasi qulashda davom etishi mumkinligini istisno etmagan.

Gladkovning xabariga ko‘ra, jabrlanganlar orasida bir yarim oylik chaqaloq ham bor.

Shuningdek, oblast klinik shifoxonasining bolalar jonlantirish bo‘limiga 16 yoshli o‘smir yotqizilgan.

Hodisa bo‘yicha qanday versiyalar bor?

Rossiya mudofaa vazirligi yakshanba kuni Ukraina qurolli kuchlari Belgorodni «Tochka-U» raketalari va baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari snaryadlari bilan o‘qqa tutganini ma’lum qilgan.

Rossiyaning turli idoralari vakillari portlash hamda uning ortidan uy pod’yezdi qulashi sabablari bo‘yicha turli versiyalarni bildirgan.

Rossiya mudofaa vazirligi Belgoroddagi turar joy Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimi urib tushirgan raketa parchalari tushishidan shikastlanganini tasdiqlagan.

Gubernator Gladkov esa avvaliga uyga snaryad to‘g‘ridan to‘g‘ri kelib urilganini aytgandi. Terakt bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan Rossiya tergov qo‘mitasi bayonotida ham shu haqda aytilgan.

Ukraina tomoni hodisa yuzasidan izoh bermagan.

Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p qavatli uy qulashi borasida boshqa versiyalar ham yangragan. Ular orasida — uy ichkaridan portlatilgani yoki Rossiya bombardimonchi samolyotidan aviatsiya o‘q-dorisi «rejadan tashqari tushib ketishi» (bunday holat avval bir necha bor kuzatilgandi) haqidagi taxminlar ham bor.

Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, yakshanba kuni Belgorod shahri va atrofdagi hududlar aholisini ogohlantiruvchi raketa xavfi to‘g‘risidagi sirenalar bir necha bor ishlagandi.

Chegara hududlarda vaziyat keskinlashuvi

Belgorod shahri va oblast bungacha ham ko‘p bor raketa zarbalaridan jabrlangandi.

Gladkovning ma’lumotiga ko‘ra, bunday hujumlar oqibatida 85 ta ko‘p kvartirali uylarda 300 dan ortiq kvartira shikastlangan. Bir kun oldingi hujumda bir kishi halok bo‘lib, 29 kishi yaralangandi. Keyinroq gubernator jarohatlanganlardan 17 nafari hamon shifoxonalarda qolayotganini bildirdi.

Gladkovning so‘zlariga ko‘ra, ular orasidagi ikki ayol o‘ta og‘ir ahvolda.

Rossiya mudofaa vazirligi tasdiqlashicha, yakshanbaga o‘tar kechasi Belgorod oblasti hududida havo hujumidan mudofaa kuchlari «Tochka-U» rusumli ikkita operativ-taktik raketani urib tushirgandi. Rossiyaning yana uchta regioni uzra dronlar hujumi qaytarilgan.

Bryansk oblasti ustida uchta dron urib tushirilgan, yana ikkitasi — Lipetsk hududida. FVVning Lipetsk oblasti bo‘yicha boshqarmasi tunda havo hujumi xavfidan ogohlantirgandi.

O‘z navbatida, Ukraina mudofaa vazirligi haft oxirida Rossiya qo‘shini Xarkiv oblasti shimolida mudofaa liniyasini yorib o‘tish uchun yurish boshlaganini ma’lum qilgan.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top