13:35 / 21.05.2024
8127

Raisiy uchun motam, order daragidan g‘azablangan Netanyahu va G‘arbning yangi yordami - kun dayjesti

O‘tgan kun mobaynida dunyoda sodir bo‘lgan voqealar, hodisalar va yangiliklar sharhi bilan odatdagidek kundalik dayjestimizda tanishtirib o‘tamiz.

Eron prezidentining halokati

Eronning vafot etgan prezidenti Ibrohim Raisiy marosimi 23 may kuni o‘zi tug‘ilib o‘sgan Mashhad shahridagi Imom Rizo maqbarasida dafn etilishi ma’lum qilindi.

21 may kuni Tabrizda aviahalokatda halok bo‘lganlar bilan vidolashuv marosimi o‘tkaziladi.

Eronda fojia munosabati bilan 5 kunlik motam e’lon qilindi.

Raisiy va boshqa rasmiy shaxslarning fojiali vafoti munosabati bilan Tojikiston, Iroq, Pokiston, Hindiston, Livan, Suriya va Yamanda ham motam kuni e’lon qilindi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Eron xalqining qayg‘usini bo‘lishish uchun Turkiyada ham bir kunlik motam e’lon qildi.

Britaniyalik jurnalist Sulaymon Ahmad so‘nggi ikki hafta ichida dunyo bo‘ylab davlat va hukumat rahbarlari bilan bog‘liq hodisalar va ayrimlariga uyushtirilgan suiqasdlarni jamlab chiqdi.

  • 7 may kuni Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasiga uyushtirilgan suiqasdning oldi olingan.
  • 13 may kuni Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ehtimolli harbiy davlat to‘ntarishidan ogohlantirib, shoshilinch majlis chaqirgan.
  • 15 may kuni Slovakiya bosh vaziri Robert Fitsoga nisbatan suiqasd uyushtirilgan.
  • 16 may kuni Surbiya prezidenti Aleksandr Vuchichni o‘ldirishga tahdid qilgan fuqaro qo‘lga olingan.
  • 19 may kuni Saudiya Arabistoni qiroli Salmon Ol Saud bir oy ichida ikkinchi marta tobi qochib, shifoxonaga yotqizilgan.
  • 19 may kuni Eron prezidenti Ibrohim Raisiy va tashqi ishlar vaziri Amir Hussayn Abdullohiyon mingan vertolyot halokatga uchragan.

Erondagi aviahalokat versiyalari

Garchi Erondagi rasmiylar dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, texnik nosozlik halokatga sabab bo‘lganini qayd etishgan bo‘lsa-da, Eron prezidenti Ibrohim Raisiyni hayotdan olib ketgan aviahalokatga sabab bo‘lgan uch versiya ilgari surilmoqda.

1. Noqulay ob-havo va eski texnika. Tuman sharoitida prezident va uning hamrohlari Bell 214 vertolyotida uchishgan — bu 1970-yillarda AQShda ishlab chiqarilgan uchoq. AQSh Eronga aviatsion ehtiyot qismlar yetkazishni taqiqlagan, shuning uchun mamlakat ayniqsa AQShda ishlab chiqarilgan aviatsiya texnikasiga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq katta qiyinchiliklarga duchor bo‘lgan.

Noqulay ob-havo, eski texnika va Eron rahbariyatining mentaliteti ham aviahalokat uchun yetarli omil bo‘lgan bo‘lishi mumkin, deya vaziyatni sharhlagan isroillik harbiy jurnalist Sergey Auslender. Unga ko‘ra, «Raisiy noqulay ob-havoga qaramasdan parvoz qilishga buyruq bergan bo‘lishi mumkin, hech kim uni fikridan qaytara olmagan. Demokratik davlatlarda parvozni davom ettirish qarorini ekipaj komandiri qabul qiladi, Eronda bunday emas».

2. Halokat ortida Isroil yoki boshqa davlatlar maxsus xizmatlari turibdi. Bunga rossiyalik propagandachilar va Z-blogerlar shama qilishmoqda.

Raisiyning o‘limi Erondan tashqarida kimgadir kerak emas, deydi sharqshunos Ruslan Sulaymonov.

«Eron shundoq ham oldindan taxmin qilib bo‘lmaydigan va xavfli davlat. Agar u qandaydir tebranishlarga duchor bo‘lsa, yaralangan hayvon singari yanada tushunarsiz bo‘lib qoladi», deydi Sulaymonov.

Raisiy Islom inqilobi muhofizlari korpusi rahbariyatidan farqli o‘laroq harbiy rahbar emasdi va Isroilning nishoni bo‘lmagan, deydi Auslender.

3. Raisiyning o‘limi — Eron ichidagi siyosiy kurash natijasi. «G‘arbparast muxolifat» tomonidan uyushtirilgan terakt versiyasini ham Rossiya propagandasi keltirmoqda.

Eronda prezidentga suiqasd uyushtirishga qodir bo‘lgan radikal g‘arbparast muxolifat yo‘q, deydi siyosatshunos Abbos Gallyamov. U yerdagi «muxolifat» mutlaqo tizimli. Ular mo‘’tadil islohotchilar. Hozir ular «islom inqilobining ikkinchi bosqichi»ni e’lon qilgan konservatorlar tomonidan burchakka qisilgan.

Auslenderga ko‘ra, klanlar orasidagi kurash halokat sababi bo‘lishi mumkin. «Raisiy 85 yoshli oyatulloh Ali Xominaiyning ehtimolli vorisi sanalayotgandi. Lekin oliy rahbarlikka Xominaiyning o‘g‘li Mo‘jtabo Xominaiy ham da’vogarlik qiladi. Siyosiy qotillik variantini ham inobatdan soqit qilmaslik kerak», — degan isroillik jurnalist.

Haaga sudidagi bayonot

Haagadagi xalqaro jinoyat sudi bosh prokurori Karim Xon Isroil yetakchilari — bosh vazir Binyamin Netanyahu va mudofaa vaziri Yoav Gallant, shuningdek HAMAS harakatining rasmiy shaxslarini hibsga olish uchun iltimosnoma kiritganini e’lon qildi.

Prokuror G‘azodagi mojaroning har ikki tarafini harbiy jinoyatlar va bir qator noqonuniy xatti-harakatlarda aybdor deb topgan.

Isroil Xalqaro jinoyat sudining yurisdiksiyasini tan olmasa-da, Karim Xonning sudga kiritgan iltimosnomasi dunyo bo‘ylab katta rezonans keltirib chiqardi.

HAMAS Haagadagi xalqaro jinoyat sudidan o‘zlarining rahbariyatini emas, Isroilning barcha harbiy jinoyatchilarini hibsga olishni talab qildi.

Isroil prezidenti Ishoq Hersog Netanyahu va Gallantni hibsga olish uchun order talab qilinishini «birtomonlama siyosiy shantaj» deb atagan.

AQSh prezidenti Jo Bayden Karim Xonning talabini fitnaga sabab bo‘luvchi talab deb atagan.

«Menga aniq qilib gapirishga izn bering: bu prokuror nimani nazarda tutgan bo‘lmasin, Isroil va HAMAS o‘rtasida tenglik yo‘q. Biz har doim Isroilni uning xavfsizligiga tahdidlardan himoya qilamiz», — degan Bayden.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Xalqaro jinoyat sudi prokurorining talablariga qarshi chiqib, bunday qadamni sharmandali deb atagan.

Isroil bosh vaziri Binyamin Neatanhu o‘zini hisbga olishga order so‘ralgani haqidagi xabarni eshitib esidan og‘ib qolay degan.

«Bu order TsAHAL askarlariga qarshi berilayotgan order, qaysikim ular buyuk qahramonlik bilan HAMAS qotillariga qarshi kurashishmoqda.

Ey, Haagadagi prokuror!

Surbetlik bilan HAMAS monstrlarini dunyodagi eng axloqli armiy bo‘lmish TsAHAL askarlariga tenglashtirishga qanday hadding sig‘di?

Isroil bosh vaziri sifatida prokurorning demokratik Isroil va HAMASning ommaviy qotillarini bir o‘ringa qo‘yganini qat’iy qoralayman», — degan Netanyahu.

Bu bayonotlar fonida Isroil moliya vaziri, ultrao‘ng millatchi Betsalel Smotrichning bayonotlari ayniqsa e’tiborga sazovor. U yahudiylarga qarshi har qanday harakatni antisemitizm deb hisoblaydi.

«Haaga tribunali tomonidan yahudiylarga nisbatan ko‘rsatilayotgan ikkiyuzlamachilik va nafratni natsistlar propagandasi davridan beri ko‘rmagandik. Natsistlar ham axloq nomidan gapirishar edi. Isroil dushmanlari kelib ketaveradi, Isroil esa abadiy qoladi.

Hibsga olish uchun bu orderlar bu siyosiy va antisemit sudning tobutiga urilgan so‘nggi mixlar bo‘ladi. Isroilning chinakam do‘stlari va oydin millatlar bunday sudning keyingi mavjudligi va faoliyatining oldini olishadi. Bu gap sud ortida turgan Falastin muxtoriyatiga ham tegishli. Falastinni yo‘q qilish va uning Isroilga yetkazayotgan ziyonlarini to‘xtatish fursati yetdi.

Men bosh vazir va mudofaa vaziriga qo‘l uzataman. Ularni hibsga olish uchun berilgan order, barchamizga berilgan order», — degan Smotrich.

Ukrainaga yordam

Ukraina prezidenti Voldimir Zelenskiy Ukrainaga asosiy yordamlarni berish bo‘yicha g‘arbdagi qarorlar juda sekin chiqarilayotganini ta’kidladi.

«Bir to‘xtamga kelayotgan har bir qarorni amalga oshirish taxminan bir yilcha vaqtni olmoqda. G‘arb oldinga katta qadam tashlayapti. Biroq bundan avval ikki qadam orqaga qaytmoqda. Biz paradigmani o‘zgartirishimiz kerak», — degan Zelenskiy.

Bu orada Ispaniya mudofaa vaziri Margarita Robles Madrid Ukrainagi Leopard tanklari va o‘q-dorilar yetkazib berishini e’lon qildi. Qurol-yarog‘lar va texnikalarni Ukraina iyun oyida oladi.

Ispaniyadan tashqari AQSh, Britaniya, Fransiya, Ruminiya, Belgiya va Litva Ukraina qurolli kuchlariga nemislarning havo hujumidan mudofaa tizimi tashabbusi doirasida texnikalar va raketalar yetkazadi, deb xabar bermoqda Germaniya mudofaa vazirligi.

Estoniya bosh vaziri Kaya Kallas NATO qo‘shinlarini Ukrainaga jo‘natish yuzasidan qo‘rquvlarni «asossiz» deb atadi.

Agar NATO bo‘yicha ittifoqchilar o‘z qo‘shinlarini asosan ukrain jangchilarini jangga tayyorlash uchun jo‘natishsa bu alyansni Rossiyaga qarshi urushga tortmaydi, degan u Financial Times gazetasiga bergan intervyusida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘rquv va risklarga qaramasdan ukrain askarlarini o‘z mamlakatida tayyorlab berayotgan davlatlar allaqachon bor.

Estoniya bosh vaziri agar Rossiya harbiylari NATOning Ukrainadagi askarlariga qo‘qqisdan hujum qilsa ham, bu alyansning 5-moddasi avtomatik ishga tushishiga asos bo‘la olmaydi.

Top