20:41 / 13.05.2024
12954

Xorazmda YPX xodimidan yo‘lovchilari bilan birga qochgan taksichi jazolandi 

U yo‘l-patrul xizmati inspektorining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmay, avtomashinasini yo‘lovchilari bilan birga noma’lum tomonga haydagan. Keyinchalik, yo‘lovchilarni notanish joyda tushirib ketgan. 

Xorazm viloyati, Urganch shahrida YPX xodimining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmay, yo‘lovchilari bilan birga qochgan taksichi ushlandi va jazolandi. Bu haqda viloyat IIB xabar berdi. 

Qayd qilinishicha, yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi Gentra rusumli avtomashina haydovchisi 2 may kuni Urganch shahrining Gurlan ko‘chasida yo‘l harakati qoidalarini chetlab o‘tib, svetoforning qizil chirog‘ida yo‘lning qarama-qarshi bo‘lagidan harakatlangan. 

YPX inspektori tomonidan unga to‘xtash ishorasi berilgan. Haydovchi qonuniy talabni bajarmay, to‘xtamasdan, katta tezlikda harakatlanib, noma’lum tomonga ketib qolgan. 

Qayd qilinishicha, avtomashina ichida yo‘lovchilar ham bo‘lgan, ular haydovchidan yo‘lda tushirib qoldirishni iltimos qilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavhada avtomashina old o‘rindig‘idagi yo‘lovchi haydovchidan to‘xtashni so‘ragani, biroq, haydovchi mashinani to‘xtatmagani, so‘ngra yo‘lovchi oynani sindirishga uringani ko‘rinadi. Keyinchalik haydovchi yo‘lovchilarni Yangibozor tumanidagi notanish joyga tashlab ketgan. 

Shundan keyin ular haydovchiga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab, Ichki ishlar organlariga murojaat qilishgan. Xorazm viloyati IIB tomonidan haydovchining shaxsiga aniqlik kiritilib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning bir necha moddalari bilan ish qo‘zg‘atilgan, avtomashinasi jarima maydoniga qo‘yilgan. 

Ta’kidlanishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch shahri sudi haydovchini BHM 12 baravari (4 mln 80 ming so‘m) miqdorida jarimaga tortgan.

Top