13:31 / 15.05.2024
5670

G‘azoda hujumga uchragan BMT xodimlari, Blinkenning Kiyevga tashrifi va Gurjistonda qabul qilingan bahsli qonun - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahon sahnasida sodir bo‘lgan e’tiborga molik voqea-hodisalar va yangiliklar tafsiloti bilan odatdagidek tanishtirishda davom etamiz.

G‘azodagi vaziyat

G‘azoda BMT xodimi o‘ldirildi. BMT yozuvi va bayrog‘i tasviri tushirilgan avtomobil Isroil kuchlari tomonidan o‘qqa tutilgan. Qo‘riqlash va xavfsizlik departamentining bir nafar xodimi o‘lgan, ikkinchisi og‘ir yarador bo‘lgan. Avtomobil Rafah shahridagi Yevropa shifoxonasiga ketayotgan bo‘lgan.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilning 7 oktyabridan buyon G‘azoda Birlashgan Millatlar Tashkilotining 196 nafar xodimi Isroil qurolli kuchlari tomonidan o‘ldirilgan.

Isroilliklar Falastindan farqli o‘laroq o‘zini davlat sifatida tan olgan BMTni nazar pisand etmaydi.

Turkiya va boshqa musulmon davlatlari tomonidan G‘azo sektoridagi falastinliklar uchun yuborilgan insonparvarlik yordamiga millatchi isroilliklar hujum qilib, «Hammasi g‘alaba uchun!», «BMT zaiflar uchun!» degan hayqiriqlar ostida yordam paketlarini yaroqsiz holga keltirishmoqda.

Sderot shahrida ultrao‘ng millatchi yahudiy aktivistlari G‘azoda yahudiy manzilgohlari barpo etishni talab qilib namoyish o‘tkazishgan.

Isroil tanklari Rafahning sharqiy qismidagi aholi yashash joylariga bostirib kirgani ma’lum bo‘ldi. Reuters xabariga ko‘ra, shahar ko‘chalarida allaqachon to‘qnashuvlar boshlangan.

Guvohlarga ko‘ra, Isroil Rafahdagi bir qancha binolarni bombardimon qilganidan so‘ng shaharning sharqiy qismida portlashlar eshitilmoqda, tutun ko‘rinmoqda.

Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, 6 maydan beri Rafahni 450 mingga yaqin odam tark etgan. Ulardan ba’zilari Al-Mavasiy hududiga - qumli sohilga ko‘chib o‘tgan. Ta’kidlanishicha, u yerda sanitariya va boshqa normal hayot uchun zarur bo‘lgan infratuzilma mavjud emas.

Avvalroq G‘azoning faol janglar ketayotgan shimoliy tumanlaridan bir millionga yaqin qochqin Rafahga evakuatsiya qilingan edi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Isroilning G‘azodagi xatti-harakatlarini Hitlerning jinoyatlari bilan tenglashtirgan.

«G‘azo biz misolini hitlerchilar Germaniyasida ko‘rgan ulkan o‘lim konslageriga aylandi», — degan Erdo‘g‘an Istanbulda ochilgan butunjahon islom olimlari maslahatlashuv sammitida.

Ukrainadagi urush

Ukraina Bosh razvedka boshqarmasi rahbari Kirill Budanov Rossiya qo‘shinlarining Sumi shahri yo‘nalishida bostirib kirishi kutilayotganini pronoz qilgan.

The New York Times nashrining yozishicha, Budanov Rossiya qurolli kuchlarining Xarkiv oblasti yo‘nalishidagi hujumlari yana «uch-to‘rt kun» davom etishi, shundan so‘ng «Sumi yo‘nalishida qat’iy bosqin uyushtirilishi» kutilayotganini ta’kidlagan.

Polsha tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiy esa Ukrainadagi urush kamida 10 yilga cho‘zilishi mumkin deb aytgan.

Ammo Kiyevga avvaldan e’lon qilinmagan tashrif bilan kelgan AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Rossiya prezidenti Vladimir Putin uzoq davom etuvchi urushdan umid qilib xatoga yo‘l qo‘yayotganini ta’kidladi.

Blinkenning qayd etishicha, Rossiya 20 yildan buyon Ukraina ustidan nazorat o‘rnatish uchun kurashda yutqazib kelgan.

«Putin adashmoqda — vaqt Ukraina tomonda. Chunki oyma-oy biz birgalikda amalga oshirayotgan ishlar Ukrainani Yevropa Ittifoqi va NATOga yaqinlashtirmoqda», — degan Blinken Kiyev politexnika institutida qilgan chiqishida.

Shuningdek, AQSh davlat kotibi Ukraina borgan sari ko‘proq xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risida kelishuvlar imzolayotgani, mudofaa sanoati kompleksini o‘stirib borayotgani, tobora ko‘proq g‘arb qurollarini qo‘lga kiritayotgani va o‘z iqtisodiyotini mustahkamlab borayotganini ta’kidlab o‘tgan.

«Rossiya orqaga harakat qilmoqda, Ukraina esa oldinga intilmoqda», — degan u o‘z chiqishi oxirida.

Ukrainaga yordam

Kanada mudofaa vaziri Bill Bler Ukrainani «qancha lozim bo‘lsa shuncha» qo‘llab-quvvatlash yondashuvi noto‘g‘ri ekani, buning o‘rniga keng ko‘lamli urushda Ukraina to‘liq g‘alaba qozongunga qadar yordam berish kerakligini ta’kidlagan.

Ukrainaning Kanadadagi elchixonasi mudofaa ishlari bo‘yicha attashesi Kanada mudofaa vaziri Ukrainani «toki u g‘alaba qozonmaguncha» qo‘llab-quvvatlashga chaqirig‘iga alohida e’tibor berib, vazirdan ushbu g‘alaba nimani bildirishiga aniqlik kiritishini so‘ragan.

«Men bu lavozimga kelganimda, ochig‘i, so‘zlashuv tilimizga o‘zgartirish kiritdim. Chunki «qancha zarur bo‘lsa shuncha» iborasi umid baxsh etmaydigan va pragmatik bo‘lmagan so‘z qurilmasidir», — deya o‘z fikrini bildirgan Bler.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken AQSh Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini musodara qilishiga va’da berdi. AQSh ma’muriyati Kongress tomonidan taqdim etilgan huquqdan foydalanib, Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini musodara qilmoqchi.

“Kongressimiz bizga Rossiyaning AQShdagi aktivlarini hibsga olish vakolatini berdi. Biz bu vakolatdan foydalanish niyatidamiz”, degan Blinken.

Blinkenga ko‘ra, Vashington bu masalani G7 hamkorlari bilan muhokama qilmoqda. Uning ta’kidlashicha, musodara qilingan mablag‘lar Ukrainaga turli yordamlar uchun sarflanishi mumkin.

Germaniya kanslari Olaf Shols Ukrainaga uchinchi Patriot havo hujumidan mudofaa tizimi berilishini e’lon qildi. U bu qarorga kelish juda og‘ir bo‘lganini, chunki bunday tizimlar Germaniyaning o‘zida ham kam qolganini ta’kidlab o‘tgan.

Shuningdek, Olaf Shols 2024 yilda Ukrainaga 7 milliard yevrolik harbiy yordam berilishini ham aytib o‘tgan.

Rossiyada yana bir general ushlandi

Rossiya Mudofaa vazirligi kadrlar bo‘limi boshlig‘i general Yuriy Kuznetsov hibsga olindi. Uning uyida o‘tkazilgan tintuvda 100 million rubl, tilla tangalar va qimmatbaho buyumlar topilgan. Uni ham Sergey Shoyguning o‘rinbosari Timur Ivanov kabi pora olishda ayblashmoqda.

55 yoshli general Kadrlar bosh boshqarmasiga 2023 yil mayida boshliq bo‘lgandi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Kuznetsov «tijoriy tuzilmalar vakillaridan ularning foydasiga muayyan harakatlar amalga oshirgani evaziga pora olgan». Jinoiy ish bo‘yicha hozircha boshqa tafsilotlar ma’lum emas. Kuznetsov 8 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Bu so‘nggi vaqtlarda RF mudofaa vazirligi rahbariyatiga qarshi ikkinchi shov-shuvli jinoiy ish bo‘lmoqda. 2024 yil aprel oyi oxirida Moskvada RF mudofaa vaziri o‘rinbosari, harbiy-sanoat kompleksiga mas’ul bo‘lgan Timur Ivanov qo‘lga olingandi. Ushbu generalga ham o‘ta yirik miqdorda — bir milliard rubldan ortiq pora olish bo‘yicha ayblov e’lon qilingan.

Gurjistonda shov-shuvli qonun qabul qilindi

Gurjiston parlamentida katta shov-shuvlarga va aholining e’tirozlariga sabab bo‘lgan «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun uchinchi o‘qishda qabul qilindi. Hukmron koalitsiya deputatlarning 80 nafari qonunni qo‘llab-quvvatlagan, 30 nafar muxolif deputat qarshi ovoz bergan.

Rossiyadan andoza olingan ushbu qonunning muhokamasi parlamentdagi o‘sib borayotgan norozilik va mushtlashuvlar fonida bo‘lib o‘tgan.

Tbilisidagi Qahramonlar maydoni oldida yana norozi namoyishchilar to‘planishgan. Ular Shota Rustaveli shohko‘chasini to‘sib qo‘yishgan. Norozilik sifatida politsiya tomonidan o‘rnatilgan metall to‘siqlarni taqillatishgan. Namoyishchilarning boshqa qismi Mtkvari daryosining ikki sohilini ham egallab olishgan. Tungi vaqt bo‘lishiga qaramasdan, shaharda transport qatnovi qiyinlashgan.

Top