19:06 / 15.05.2024
44792

“Sovet davrida 25 ming rublga olgan “Volga” mashinamdan ayrilganman” (Hayotiy hikoya)

“Volga”ni qishloq ko‘chalarida minib yurar ekanman, mendan baxtli odam yo‘q edi. Biroq bu baxt ikki oyga ham cho‘zilmadi... Kunlarning birida uyim oldiga militsiya mashinasi kelib to‘xtadi. Undan tushib kelgan xodimlar mashina hujjatlarini so‘rashdi, berdim. Shundan so‘ng ular meni va “Volga”ni militsiya bo‘limiga olib ketishdi”.

Hayotiy hikoyalar turkumidan berib borilayotgan navbatdagi hikoya qahramoni sovet davrida “GAZ-24 Volga” mashinasini sotib olib, firibgarga chuv tushgan inson.

U maktubida 1980-yillar o‘rtalarida Rossiyada mashinafurushdan “Volga” mashinasini sotib olganini va e’tiborsizligi tufayli undan ayrilganini hikoya qiladi.

“Yaqinda Kun.uz’da “GAZ-24 Volga” mashinasining tarixi haqida o‘qib qoldim. O‘sha maqolada “GAZ-24 Volga” mashinalari O‘zbekistondagi magazinlarga kelmasdi, ularni kavkazlik yoki ukrainaliklar olib kelib, ustiga katta pul qo‘yib sotib ketishardi” deb yozilgan ekan, bu to‘g‘ri.

Biroq mashinafurushlar faqat kavkazlik yoki ukrainalik emasdi, boshqa millat vakillari, shu jumladan ruslar, o‘zbeklar ham bor edi. Faqat kavkazliklar va ukrainaliklar bu ishning ustasi bo‘lgan.

Men ham 1980-yillar o‘rtalarida Rossiyaga borib “GAZ-24 Volga” mashinasini aynan mashinafurushdan ikki barobar qimmatiga sotib olganman. Biroq o‘shanda sotuvchilar firibgarlik qilgan va men mashinadan ayrilganman. Buning tarixi quyidagicha bo‘lgan:

Bizning tumanimiz ob-havosi biroz salqin bo‘lgani uchun azaldan paxta ekilmaydi. Asosan uzumchilik bilan shug‘ullanamiz. Uzumzorlar faqat quritiladigan navlardan iborat.

Sovet davrida ham asosiy daromadimiz ana shu uzumzorlardan edi. Esimda, 1978-79 yillarda Moskva SSSRdagi besh mingta rayon orasida faqat bizning rayonga yerlarni xalqqa ijara asosida tarqatishga ruxsat berdi.

Shundan so‘ng juda katta qir-adirlar odamlarga bo‘lib berildi. Kimgadir 20 sotix tegdi, kimdir bir gektar yer oldi. Ijara sharti shunday edi – uzumzor bog‘lar hosilga kirgunicha besh yil odamlar yer haqi uchun hech narsa to‘lamaydi.

Bog‘lar hosilga kirgandan so‘ng kolxoz uzum va mayizdan reja belgilaydi. Yer egasi rejani bajarsa hosilning qolgan qismi o‘ziga tegadi. Shu tariqa, 1979-80 yillarda ijara yerga ega bo‘lgan odamlar 1985 yilga kelib bog‘lardan hosil ola boshladi. Kolxoz hosilning 20-30 foizini olar, ortgani odamlarning o‘zida qolardi.

O‘sha paytlarda mayizlarning narxi yaxshi bo‘lgani uchun ijara bog‘lar sharofati bilan odamlarning qo‘li pul ko‘rdi. O‘sha paytda menga ham bir gektar yer tekkan, oradan besh-olti yil o‘tib uzumzor bog‘imdan tonnalab mayiz quritadigan bo‘lgandim.

Bundan tashqari, o‘sha paytda kuzdan bahorgacha savdo bilan shug‘ullanardim va bog‘dan chiqqan mayizlarni Rossiyaning turli shaharlariga olib borib sotardim.

1986 yil kuzida uzumlarni uzib quritdik. Kolxozning haqini berdim va qolgan mayizni ortib Rossiyaga jo‘nadim. Gorkiy (hozirgi Nijniy Novgorod) shahriga borib, 3-4 tonna mayizni 2-3 ta korxonaga topshirdim. 1-2 haftadan pullarni berishdi, qo‘limda 30 ming rubl yig‘ildi.

Shundan so‘ng hamrohlar bilan maslahatlashib o‘sha yerdan “GAZ-24 Volga” sotib olishga qaror qildim. O‘sha paytlarda Gorbachyov SSSR tepasiga kelgan, odamlardan “mashinaga pulni qayerdan topding?” deb so‘roq qilish to‘xtagan edi.

O‘sha paytlarda “GAZ-24” mashinalarini magazinlardan topishning iloji yo‘q edi. Biz Gorkiydan bir mashinafurushni topdik. U yangi “Volga”si borligini, o‘shani menga sotishini aytdi.

Shunda hamrohlar “Qo‘y buni, qarashlari g‘alatiroq ekan, aldab ketadi” deyishdi. Men esa yana boshqa mashinafurushni qidirgim kelmadi. Buning ustiga, yoshi 45-50 atrofida bo‘lgan mashinafurush yaxshi shart aytdi:

“O‘rtoq, mashinani nomingga shu yerda rasmiylashtiramiz, pulini sanab berasan. Sen bir hamyurtingni olib qol, birga ketamiz, mashinani o‘zim haydab, uyinggacha olib borib beraman. Yo‘lda sarflagan benzinimizning puli, yeb-ichishga ketadigan xarajatlar sening hisobingdan bo‘ladi. O‘zing minib ketsang ham shu xarajatlarni qilasan baribir”.

Uning shartlariga ko‘ndim. Borib mashinani ko‘rdik, yangi Volga yaltirab turardi.

Mashinafurushning oldida yana bir odam turgan ekan, ukam deb tanishtirdi. Mashinaning narxini kelishdik, 25 ming rubl bo‘ldi. Uygacha olib borib berishgani uchun qo‘shimcha pul to‘lamaydigan bo‘ldim.

Mashinani rasmiylashtirdik, pullarni to‘ladim. So‘ng uni minib yo‘lga tushdik. O‘zbekistonga bir necha kun deganda yetib keldik. Qishloqqa “GAZ-24” bilan kirib kelar ekanmiz, hammaning ko‘zi bizda edi.

Mashinafurushga bir-ikki kun mehmon bo‘lib dam ol, charchoqlaring chiqsa samolyotga chiqarib yuborman degandim, negadir unamadi. Zarur ishlarim bor deb ortiga qaytdi.

Tan olaman, o‘sha paytda uyimdagi sharoit qimmat mashina minishga mos kelmas edi. Tuzukroq hammom yoki oshxona yo‘q. Uydagi boshqa sharoitlar ham haminqadar edi.

Lekin o‘sha paytda avval sharoitlarni to‘g‘rilash o‘rniga mashina olib minish ustuvorroq edi (hozir ham shunday).

Volgani qishloq ko‘chalarida minib yurar ekanman, mendan baxtli odam yo‘q edi. Biroq bu baxt ikki oyga ham cho‘zilmadi...

Kunlarning birida uyimning yonidagi ariqqa tushib mashinani yuvib turgandim, birdaniga militsiyaning UAZ mashinasi kelib to‘xtadi. Shunda yuragim orqamga tortib ketdi.

“Hozir qo‘limni qayirib olib ketishadi va mashinani qaysi pulimga olganimni so‘rashadi. Tamom, mashinadan ayrildim” deb o‘ylab turgan joyimda UAZdan militsiya xodimlari bilan birga mashinafurush Gorkiyda ukam deb tanishtirgan odam tushib keldi.

Uni ko‘rib hayron bo‘ldim. “Bu nima qilib yurgan bo‘lsa? Rossiyadan bekorga qidirib kelmaydi. Hoynahoy mashinada biron narsasi qolib ketgan bo‘lsa kerak”, deb o‘yladim.

Militsiya xodimlari mashina hujjatlarini so‘rashdi, berdim. Shundan so‘ng ular meni militsiyaga olib ketishdi. Xodimlardan biri “Volga”ni minib bordi.

Militsiyada mashinafurushning ukasi yozgan arizani ko‘rsatishdi. Unda yozilishicha, akasi unga tegishli mashinani soxta hujjatlar bilan menga sotgan. Shunga u tegishli organdan Volgasini qaytarib olib berishni so‘ragan ekan.

“Mol achchig‘i, jon achchig‘i”, shu joyda tutaqib ketdim. Tergovchiga “Volga”ni qanday olganimni, mashinafurush uni menga sotayotganda ukasi yonida bo‘lganini, pullarni Gorkiyda sanab berganimni, so‘ng mashinani uyimgacha olib kelib berganini aytdim.

Biroq mashinafurushning ukasi meni Gorkiyda akasi bilan birga bir marta ko‘rganini va mashina sotmaganini aytib turib oldi. Manzilimni esa notariusdan olganmish.

Tergovchi mendan mashina rasmiylashtirilayotganda hujjatlarga kim imzo qo‘yganini so‘radi, “akasi” deb javob berdim. Shunda u men sotib olgan “Volga” mashinafurushga emas, uning ukasiga tegishli ekani haqidagi hujjatlarni ko‘rsatdi.

Menga hammasi tushunarli bo‘lgandi. Aka-ukalar firibgarlik bilan shug‘ullanishadi. Mijozni chalg‘itib, biriga tegishli mashinani ikkinchisi sotadi, hujjatlarga imzo qo‘yadi. Keyin akasi yoki ukasi da’vogar bo‘lib, mashinani qaytarib oladi.

Tergovchiga ham bu gaplarni aytdim. Biroq u e’tiborga olmadi. “O‘zbekistonda bo‘lganingiz uchun shukr qiling. Men sizni jabrlanuvchi deb qayd etyapman. Rossiyada bo‘lganingizda firibgarning sherigi sifatida qamab yuborishlari ham mumkin edi. Akasi hozir firibgarlik qilgani uchun qidiruvda. Ushlansa unga qonuniy chora ko‘riladi. Agar sarflab yo‘q qilib yubormagan bo‘lsa, siz pulingizni qaytarib olasiz” dedi.

Shunda tergovchiga SSSR katta hududga egaligi, bir hududda jinoyat sodir etgan shaxs boshqa joyga borib bemalol yashayverishini tushuntira olmadim.

“Hujjatlarning barchasi da’vogar aytganiday bo‘lganini tasdiqlab turibdi. Mana, o‘zingiz ham hujjatlarni akasi imzoladi deb turibsiz. Mashina esa bunga tegishli. Sizning xatongiz shundaki, mashina hujjatlariga sinchiklab qaramagansiz. Bu o‘rinda sizga hech qanday yordam berolmayman”.

Shu tariqa hali ikki oy ham minmagan Volgadan ayrildim. Firibgar ushlandimi, yo‘qmi, xabar bo‘lmadi. Militsiyadan ham so‘ramadim.

Keyinchalik, SSSR parchalanishi arafasida mashina narxlari arzonlashdi. Shunda yana “GAZ-24”ni yana sotib olib mindim. Ammo birinchi “Volga”ning alami baribir bosilmadi.

Ko‘p o‘tmay O‘zbekistonga ham xorijiy mashinalar kirib kela boshladi. Bir paytlar ancha-muncha odam mina olmaydigan “Volga” ularning oldida oddiy mashinaga aylanib qoldi. Hozir esa...

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzu
Hayotiy hikoyalar
Turfa taqdirlar va umr manzaralari
Barchasi
Top