08:56 / 16.05.2024
6126

Germaniyaning Qozog‘istonga to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalari rekord darajaga yetdi

Germaniya kompaniyalari Qozog‘istondagi faoliyatini kengaytirishdan manfaatdor, dedi prezident To‘qayev. Germaniyaning Qozog‘istonga kiritgan to‘g‘ridan to‘g‘ri sarmoyasi 712 million yevroni tashkil etdi, deya qo‘shimcha qildi Qozog‘iston rahbari.

Foto: Olivier Douliery/Pool via Reuters

Germaniyaning Qozog‘istonga kiritgan to‘g‘ridan to‘g‘ri sarmoyasi 2023 yilda rekord darajadagi 712 million yevroga yetdi. 15 may, chorshanba kuni Qozog‘istonning Germaniyadagi elchixonasi xabariga ko‘ra, Markaziy Osiyo respublikasi prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi delegatsiyasi bilan uchrashuvda shunday ma’lumotlarni taqdim etdi. Bu ko‘rsatkich 2022 yilga nisbatan 64 foizga oshdi, dedi davlat rahbari.

To‘qayev ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishdagi ijobiy tendensiyalarni, shuningdek, nemis kompaniyalarining Qozog‘istondagi ishtirokini kengaytirishga qiziqish ortib borayotganini alohida ta’kidladi. O‘z navbatida, Sharqiy qo‘mita raisi Katrina Klaas-Myulxoyzer Germaniya iqtisodiyoti maqsadlariga erishishda muhim hamkor sifatida Markaziy Osiyo respublikasining salmoqli salohiyati borligini ta’kidladi. Germaniya ta’minot zanjiri va ishlab chiqarish barqarorligini yaxshilash uchun tashqi savdo aloqalarini diversifikatsiya qilmoqda, deya qo‘shimcha qildi Klaas-Myulxoyzer.

Ikki mamlakat delegatsiyalari Berlin va Ostona o‘rtasidagi xomashyo, sanoat va texnologiya sohalaridagi sheriklik, shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligi, qishloq xo‘jaligidagi hamkorlik masalalarini muhokama qildi. Uchrashuv ishtirokchilari «texnologiya evaziga xomashyo» formulasi bo‘yicha hamkorlikning o‘zaro manfaatli ekanligini ta’kidladilar. 

Vazifa Sharqiy Yevropada nemis biznesini rivojlantirishdan iborat 

Germaniya iqtisodiyotining Sharqiy qo‘mitasi Sharqiy Yevropa va possovet mamlakatlari bozorlarida faoliyat yurituvchi nemis kompaniyalari manfaatlarini ifodalaydi. Uyushmaning maqsadi Markaziy, Sharqiy va Janubi-Sharqiy Yevropa, Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyoning 29 ta davlatida nemis biznesini rivojlantirishdan iborat. Tashkilot veb-saytida ta’kidlanganidek, u o‘z a’zolariga loyihalarni amalga oshirish, aloqalarni o‘rnatish va ma’lum bir mintaqada bozorga kirish bilan bog‘liq muammolarni hal qilishda yordam beradi. 

Top